Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi o‘zbekistonlik harbiylarni tayyorlashda ishtirok etadi

O‘zbekiston 19:33 / 07.02.2017 13709

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri o‘rinbosari Muzaffar Soliyev, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Jan-Jyerom Kasabyanka va boshqalar ikki tomonlama hamkorlikda harbiy shifokorlarni tayyorlash, harbiy xizmatchilarning xalqaro harbiy va gumanitar huquq sohasidagi malakasini oshirish bo‘yicha erishilgan yutuqlarga yuqori baho berdi. 

2007 yildan buyon O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda 40dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirildi. Jumladan, harbiy shifokorlar va Toshkent tibbiyot akademiyasining harbiy-tibbiyot fakulteti kursantlari uchun maxsus o‘quv dasturlari ishlab chiqildi. 

O‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risida memorandum tomonlarning hamkorligini yanada mustahkamlash yo‘nalishlarini belgilab beradi. Bu O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarini tayyorlash va o‘qitish dasturlari uchun zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi. Shu maqsadda anjumanlar, davra suhbatlari, turli o‘quv seminari va treninglar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan o‘quv materiallari, hujjat va adabiyotlar taqdim etiladi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi o‘rtasida harbiy shifokorlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Ko‘proq yangiliklar: