Bloomberg: Yaqin 12 oyda Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilinishi mumkin

Jahon 15:44 / 21.12.2016 13054

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yana yarim yilga uzaytirdi, lekin bu oxirgisi bo‘lishi mumkin. Bu haqida Bloomberg xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, bunday choralarning samaradorligi masalasi Yevropada Rossiyani oqlovchi siyosatchilar pozitsiyasining mustahkamlanishi kabi Yevropa Ittifoqi uchun katta sinov bo‘ladi. 

Xususan, Fransiya prezidentligiga nomzod, mamlakatning sobiq bosh vaziri Fransua Fiyon sanksiyalarni yumshatish va Moskva bilan munosabatlarni mustahkamlash tarafdori ekanini bildirdi.

Muallif bunga AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampning Vladimir Putin bilan iliq munosabatlarini qo‘shganda, YeI va AQShning umumiy pozitsiyasi umidsiz ko‘rinishini ta'kidladi. Zero AQShning yangi ma'muriyatidan nima kutish mumkinligini hali hech kim bilmaydi. 

Bloomberg shu mavzuda iqtisodchilar orasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Ularning aksariyati (55 foizi) yaqin orada Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yumshashini taxmin qildi. Oktyabr oyida o‘tkazilgan so‘rovnomada atigi 10 foiz ishtirokchi shunday fikr bildirgandi.  

Agentlikning ta'kidlashicha, bunday keskin o‘zgarishlar Trampning AQSh prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi bilan bog‘liq.

Aksariyat tahlilchilar agar Vashington  sanksiyalarni yumshatsa, Yevroittifoqning uning izidan borishdan o‘zga chorasi qolmasligini aytishmoqda. Bloomberg so‘rovnomasida qatnashgan 40 foiz iqtisodchilar taxminiga ko‘ra, YeI yaqin 12 oy ichida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatadi. 

AQSh va Yevroittifoq 2014 yilning bahorida Ukrainadagi inqiroz fonida Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritgan. O‘shandan buyon sanksiyalar bir necha marta uzaytirilgan.

 

Ko‘proq yangiliklar: