Shavkat Mirziyoyev qasamyod qildi va O‘zbekiston Prezidenti sifatida o‘z lavozimiga kirishdi

O‘zbekiston 10:44 / 14.12.2016 105510

O‘zbekiston Respublikasi saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qasamyod qabul qildi. 

Bugun, 14 dekabr kuni Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisi vaqtida prezidentning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda marosimda ishtirok etgan manbamiz ma'lumot berdi.

Marosimda Markaziy saylov komissiyasi va hukumat a'zolari, Konstitutsiyaviy sud raisi, diplomatik vakolatxonalar rahbarlari hamda akkreditatsiyadan o‘tgan OAV vakillari hozir bo‘lishgan.

Majlisni Markaziy Saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov ochib bergan. U Shavkat Mirziyoyevga prezident guvohnomasini va Markaziy saylov komissiyasining shahodatnomasini topshirgan hamda uni qasamyod qabul qilish uchun minbarga taklif qilgan.

Prezident Konstitutsiya va Qur'onga qo‘l qo‘ygan holda qasamyod qilgan: «O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat'iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman».

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonun 39-moddasiga muvofiq, Prezident Oliy Majlis yig‘ilishida qasamyod qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishadi.

Prezident qasamyoddan so‘ng ma'ruza so‘zlagan va o‘z nutqida saylovda ishtirok etgan boshqa siyosiy partiyalar yetakchilariga — Sarvar Otamuratovga, Xatamjon Ketmonovga va Narimon Umarovga minnatdorchilik bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: