Go‘zal namuna: Muhammad (s.a.v)da sabr, muloyimlik, chidamlilik

Jamiyat 08:53 / 10.12.2016 57728

Rasululloh (s.a.v)da barcha yaxshi sifat va go‘zal axloq jamlangan edi. Shuning bois u zot (s.a.v) insonlar uchun namuna bo‘lishga eng haqli edilar. Alloh taolo payg‘ambarimizni barcha musulmonlarga namuna qilib yuborgan.

Bu haqida Alloh taolo Qur'oni karimning “Ahzob” surasi 21-oyatida bunday marhamat qilgan: “(Ey, iymon keltirganlar) sizlar uchun Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir”.

Har bir musulmon bajarayotgan ishida payg‘ambari (s.a.v)dan ibrat olishi lozim. Ibrat olish esa u zotning xulqlariga, so‘zlariga itoat qilishdir. Bu haqida payg‘ambar (s.a.v): “Kimda kim payg‘ambarga itoat etsa, demak u Allohga itoat etibdi”, deganlar.
Itoat qilishda u zotni ko‘rish yoki hamsuhbat bo‘lish shart emas.

Rasululloh (s.a.v) hayotdan rihlat qilib sahobalardan oz sonlilari qolgan edi. Shulardan Miqdod ibni Asvad (r.a)ni oldilariga bir kishi kelib, ko‘zlariga termilib turib: “Qanday ham baxtli ko‘zlarki, bu ikkala ko‘z Rasululloh (s.a.v)ni ko‘rgan, koshkiydi biz ham siz ko‘rgan narsani ko‘rganimizda”, deb Rasululloh (s.a.v)ni iroda qildi.

Shunda Miqdod ibni Asvad (r.a) bu kishini gapiga taajjublanib dedilar: “Bilasizmi, Rasululloh (s.a.v) shunday bir zamonda dunyoga keldilarki, johiliyat avjiga chiqqan paytda Alloh taolo u zot a.s.ni Qur'on bilan yubordi, u paytda ibodatning eng afzali bud-sanamlarga sig‘inish edi. Ba'zi bir xonadonlarda o‘g‘il iymonga kelgan, ammo ota mushrik, ba'zilarida esa ayol musulmon, ammo farzandlari mushrik yoki aksincha. Gap ko‘zda emas, Allohga shukr qiling, chunki u zotni ko‘rmasdan turib iymon keltirib turibsiz. Bilasizmi, payg‘ambarni ko‘rgan ko‘pgina ko‘zlarni Alloh taolo yuz tuban jahannamga mustahiq qildi. Shuning uchun gap ko‘zda emas, balki iymonda”, dedilar.

Uvays Qaroniy haqlarida ham Payg‘ambar (s.a.v) jannatiylikni bashorat berishlariga sabab, u zotni ko‘rib iymon keltirgandan ko‘ra, ko‘rmasdan turib iymon keltirish afzal ekanini bilganlaridan edi. Biroq bir zamonda yashagan edilar, borib ko‘rishsalar bo‘lardi, ammo ko‘rishmasalarda u zotga muhabbatlari cheksiz edi.

Umuman olganda kishi o‘zga bir kimsaga muhabbat qo‘yishi uchun mahbubiga nisbatan unda to‘rt narsa sabab bo‘ladi.

1.  Nasabining oliyligi.
2.  Hasab, ya'ni xulqi atvori.
3.  Jamolining go‘zalligi.
4.  Kamolotga yetganligi.
Biz e'tibor beradigan narsa shuki Alloh taolo mazkur to‘rt sifatning barchasini Payg‘ambar (s.a.v)da jamlab qo‘ygan.

1.  Nasablarini oliy qilib qo‘ydi. O‘sha zamonda Makkaning eng mansabdorlaridan bo‘lgan Bani Hoshim qabilasidan chiqdilar.

2.  Xulqlarini oliy qilib qo‘ydi. Hatto O‘zi Qur'oni karimda: “(Ey, Muhammad (s.a.v.) Siz buyuk xulq uzradirsiz”, deb ta'rif bergan.

3.  Jamollarini ham husnlarini ham chiroyli qilgan. Aslida husn bilan jamolning o‘rtasida farq bor. Husn shunday narsaki, inson bir qarashda aqlini olib o‘ziga rom qilishlikdir. Keyinchalik ko‘p qarayverish bilan ko‘nikib, oxiri bilinmay qoladi. Masalan, Yusuf (a.s)ning husnlari. Jamol esa, kishi avval ko‘rishda hayratlanadi, keyin unga yaqin yurgan sari muhabbat oshib, oxiri qarab to‘ymaydigan holatga yetib boraveradi. Payg‘ambar (s.a.v)da husn ham jamol ham mujassam edi. Kunlaring birida Payg‘ambar (s.a.v)ning ayollari Yusuf (a.s) haqlarida gaplashib: “Yusuf (a.s) juda ham chiroyli bo‘lganlaridan hatto mahliyo bo‘lib, ayollar to‘g‘rayotgan sabzilari qolib, qo‘llarini ham kesib yuborganlarini sezmay qolgan ekanlar-a?”, deb aytib havasmand bo‘lishibdi. Shunda Payg‘ambar (s.a.v) u majlisdan tashqariga chiqib Allohga “Ey Robbim, yuzimdagi pardani mendan ko‘targin!”, deb so‘raganlarida Alloh taolo Payg‘ambar (s.a.v) yuzlaridagi 40 pardadan birini ko‘tardi. U zot (s.a.v) qaytib ichkariga kirishlari bilan Xadicha (r.a)ning ko‘zlari tushiboq hushlaridan ketib yiqildilar, chunki Payg‘ambar (s.a.v)ning chiroylari aqlini olib qo‘ygan edi. Keyin Alloh yana pardani qaytarib yuzlaridagi chiroyni to‘sib qo‘ydi. Jamol ham berilgan edi. Har qanday odam avval u zotga yo‘liqqanda haybatlaridan qo‘rqardi, keyin bo‘lsa Payg‘ambar (s.a.v)ning yuzlariga qarab to‘ymaydigan bo‘lib qolardi.

4.  Kamolotlari har jihatdan berilgan edi. Ilm-ma'rifatda, taqvoda, ibodatda yetuk edilar.
Payg‘ambar (s.a.v) purma'no va go‘zal hikmatlar bilan xoslangan edilar. Arab lahjalarini yaxshi bilar va har bir qabila aholisiga ular lahjasida xitob qilar, ularning tillarida so‘zlar edilar.

U zotni Alloh taoloning O‘zi halimlik, chidamlilik, o‘ch olishga qodir bo‘laturib, kechirib yuborish, aziyatga sabr qilish sifatlari bilan odoblantirgan edi. Har qanday halim odamning ham goho sabr kosasi to‘lib, chiday olmay ketish hollari uchrab turadi. Biroq Rasululloh (s.a.v)ga ozor kuchaygani sari u zotning sabrlari ziyoda bo‘lib bordi, johillar jaholati kuchaygani sari u zotning halimliklari oshaverdi.

Alloh taolo barchamizni u zot (s.a.v)ga sodiq ummat qilib, sunnatlariga ergashib, axloqlarini hayotimizga tatbiq qilib, jannatda o‘z qo‘llaridan kavsar suvini ichmoqligimizni nasib etsin!

 
 Ilhomjon Madaliyev,

“Mo‘yi Muborak” jome masjidi imom-xatibi

Ko‘proq yangiliklar: