Haydovchilar albatta o‘qisin: Yo‘l qoidasida o‘zgalar haqi

Jamiyat 14:57 / 07.12.2016 37679

Biz mo‘minlar birovning haqidan qo‘rqish, birovlarga ozor yetadigan amallardan qaytarilganmiz. Birovning haqi deganda o‘zgalarning molu mulkini aldov, tajovuz, zulm va bosqinchilik kabi yo‘llar bilan yeyish kabi amallar kiradimi yoki boshqa shunga o‘xshash amallar ham kiradimi? Bunga bugungi kunning ba'zi tarbiyasiz haydovchilari ham kirishi mumkinligidan ogoh etmoqchimiz.

Bir haydovchi yo‘lda behosdan boshqa mashinani siqib qo‘ydi va uzrini aytdi. Ammo johil haydovchi uning uzrini qabul qilmadi va yo‘lda avariyaga tushadigan holga tushirib qo‘ydi. Uzr so‘ragan haydovchi uni orqasidan quvib yetib yo‘l chetiga siqib to‘xtatdi va o‘rtada dahanaki jang ketdi. Ona ham qolmadi, bir-birlarini rosa so‘kishdi. Boshqa biri tezlikni haddan oshirib odamlar hayotiga xavf soldi. Boshqa biri svetafor chirog‘iga amal qilmay, avariyaga sababchi bo‘ldi. Bu ishlar johil va ahmoq insonlarning amali ekanini, ham o‘zgalarning haqiga xiyonat ekanini bilishadimi? Yo‘l patrul postidan hamma navbat bilan o‘tayapti, ammo ba'zi bir ucharlar hech kimga qaramasdan oldinga tiqilib tez o‘tib ketadi. Navbat bilan kelayotgan shuncha odamni ranjitdi va ularning haqiga xiyonat qildi, ba'zi bir yoshlar keksa haydovchilarni nazar pisand qilmagani bois la'natga qoladi.

Svetofor yonida turibman, bir mashina tez kelib to‘planib turgan suvni yo‘ldan o‘tayotgan keksa ayolning ustiga sepib o‘tib ketdi. Onaxon shalloba bo‘ldi va og‘zidan: “Iloyo, avariyaga uchrab o‘l”, degan qarg‘ish chiqib ketdi. U ayol jahl bilan, jon dildan g‘azab ustida qarg‘adi. Shu ayolning duosi maqbul bo‘lsa, u yigitning hayoti kesiladi. Nahotki, qarg‘ishdan qo‘rqmasak. Aslida savol bermoqchiman: “Qonun-qoida kim uchun ishlab chiqiladi va svetofor kimlar uchun qo‘yiladi?" Haydovchi qasddan tezlikni oshirsa, kimningdir o‘limiga sababchi bo‘lsa, bu dunyo qonunidan qutulishi mumkin, ammo Alloh taolodan, qasos talab qiladigan jarohatlanib mayib bo‘lgan yoki o‘lgan odamning da'vosidan qutuladimi? “Ey Alloh, bu bandang meni o‘ldirdi, bola-chaqamning yetim bo‘lishiga, qiynalishiga sababchi bo‘ldi, buni do‘zaxiylardan qilgin”, deb da'vo qilsa, da'vosi inobatga olinib do‘zaxga tashlanilsa, kim unga rahim aylaydi”. Alloh taolo banda bilan o‘zining orasidagi ba'zi gunohlarni kechirishi mumkin. Misol uchun, vaqtida namoz o‘qiy olmasdan qazo qilsa, kechirishi mumkin, ammo banda bilan banda o‘rtasidagi xiyonat va da'volarni jabrlanuvchi kechirmasa, kechirmaydi. Qolaversa, birovga ozor beradigan odam mo‘min bo‘lmaydi. Ko‘cha odobi, muomala madaniyati, kiyinish madaniyati bor. Haydovchilikka o‘qiydiganlarga ma'rifat darslarini ham o‘tish kerak.

Yevropa davlatlaridan biriga borgan bir kishi mashinasi bilan yo‘lda turib qolibdi. Bir vaqt eshikdan chiqib qarasa, orqasida mashinalar qator bo‘lib turgan emish. Bironta mashina signal chalmayapti. Bugun mashinalarning signal berish odobsizliklaridan dod deging keladi. Yo‘ldan o‘tayotgan keksa bir odam yaqinlashganda signal berib cho‘chitadiganlar, xoxolab kuladiganlarga nima deysiz? O‘sha odamning qon bosimi bo‘lsa yoki yuragi xasta bo‘lsa, qon bosimi oshib ketsa va qarg‘asa, shu haydovchining umri zomin bo‘lmaydimi? Yoki yarim tunda ko‘p qavatli uylar yoniga kelib magnitofonni baqirtirib, bemaza musiqa qo‘yib, hammani bezovta qilgan haydovchi yaxshi qarg‘ishlar bilan siylanadi va yana birinchi bo‘lib padari, ya'ni ota-onasi tarbiya bermagani uchun la'natlanadi. “Senga tarbiya bergan padaringga ming la'nat”, deb qarg‘aydiganlar bor. Ota-onalar farzandiga mashinani la'nat olish uchun olib berganmidilar? Har bir ota-ona mashina minib ko‘chaga chiqayotgan bolalariga yo‘l qoidasini bir eslatib, so‘ngra yo‘lga chiqishga ruxsat bersin.

Ikkita yosh go‘dagi bor bir ayolni tezligini oshirib kelayotgan mashina urib ketib, u halok bo‘ldi. O‘ylang va tafakkur qiling, janozaga mingga yaqin odam keldi. Marhuma qizning ota-onasi o‘sha haydovchini shunaqangi qarg‘ayaptiki, oldilariga borib “qarg‘amang” deyishga kim botinadi. Keksa ota: “Ilohi, sening bolang ham bevaqt o‘lsin. Ustida bolamlab o‘tir”, deb yig‘layotganiga guvohmiz. Mana shunday qarg‘ish olganlar bir kuni bir baloga uchrashi aniq. Chunki duolar rad qilinmaydi. Shu bois, ota-onaga la'nat olib keladigan, gunohsiz odamlarning o‘limiga sabab bo‘ladigan ishlardan saqlanaylik. Bu gaplarim faqat haydovchilarga emas, yo‘ldan o‘tadigan piyodalarga ham tegishli. Yo‘lda birovning haqiga xiyonat va tajovuz qilishdan saqlanaylik.

Kimningdir aybi bilan jon taslim qilgan ayol qiyomatda da'vo qilmaydi, mayib majruh har lahza chekkan azobini haqini talab qilmaydi, deb kim kafolat beradi? Yo‘l qoidasini buzib bir insonnning haqiga xiyonat qilayotgan haydovchi to‘xta! Alloh huzuridagi savol-javoblarga tayyormisan? Allohni aldab bo‘lmaydi! Qiyomat kunining savol-javobidan qo‘rq va qoidaga rioya qil. Sen hayvon yoki yovvoyi maxluq emassan. Insonsan, mo‘minsan. Kishilar haqidan va jabridan qo‘rq! Allohning azobidan qo‘rq va nafsing ustidan hokim bo‘l va aslo yo‘l qoidasini buzma!!!

Alisher Shermurod TOG‘AY, 
Chilonzor tumani Tinchlik jome masjidi imom xatibi
Manba: O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiy veb portali

Ko‘proq yangiliklar: