Piterdan Qozongacha. Konfederatsiyalar kubogining mezbon stadionlari

Sport 17:41 / 27.11.2016 11124

26 noyabr kuni Rossiyaning Qozon shahrida Konfederatsiyalar kubogiga qur'a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 2017 yilning 17 iyunidan 2 iyuliga qadar bo‘lib o‘tadigan turnirda o‘z qit'asining eng kuchli  terma jamoalari o‘z raqiblarini bilib olishdi. Qur'a natijasi bilan hali tanishmagan bo‘lsangsiz, bu yerdan bilib olishingiz mumkin. Tribuna.Uz 2018 yilgi jahon chempionati oldidan repetitsiya vazifasini o‘tab beradigan musobaqa o‘tkaziladigan Rossiyadagi stadionlar haqida ma'lumot beradi.

Moskva. «Spartak» stadioni.

Oldindan aytib o‘tish lozim Jahon chempionati va Konfederatsiyalar kubogi o‘tayotgan paytlarda Rossiyadagi stadionlar o‘sha shahar  yoki klub nomi bilan ataladi. Buni tashkilotchilar o‘sha shaharlarni, klublarni reklama qilish, yoki oddiy qilib aytganda sayyohlik strategiyasi bilan izohlashgan. Musobaqalar yakunlangach, stadionlar klub ixtiyoriga beriladi va oldindan belgilangan nomiga qaytishi mumkin bo‘ladi. Masalan «Spartak» stadioni «Otkrytiye Arena» nomiga qaytadi.

Rossiyaning eng ommaviy jamoalaridan biri tashkil etilganidan boshlab o‘zining stadioniga ega bo‘lmagandi. 2010 yilning martiga kelib jamoa Moskvaning Tushino tumanidagi sobiq poytaxt aeroporti o‘rniga 45 ming o‘ringa mo‘ljallangan stadion qurilishini boshladi. 2014 yilning 5 sentabrida «Spartak» stadioni ochilish marosimida klub Serbiyaning «Tsrvena Zvezda» klubi bilan durang o‘ynadi – 1:1. 

Stadionning fasad qismi gladiatorlar jang maydoni ko‘rinishida qurilgan bo‘lib, yuzlab romb shakllari «Spartak» klubining ulkan ramzini o‘rab turadi. Stadionning ichida klub muzeyi va atributikalar sotiladigan do‘kon joylashgan. Stadion yaqinida esa metroning yangi «Spartak» bekati barpo etilgan.

Muxlislar tashrifi bo‘yicha rekord 2016 yilning 29 oktabrida «Spartak» va TsSKA jamoalari uchrashuvida (3:1) kuzatilgan - 44 884 tomoshabin.

Sankt-Peterburg. «Zenit-Arena»

Rossiyaning eng katta mojarolarga sabab bo‘lgan, muxlislar orasida kinoya bilan «Raspil-Arena» nomini olgan Sankt-Peterburgdagi stadion Krestovskiy orolida joylashgan bo‘lib, qurilish ishlari 2007 yilda boshlangan, Bu davrda stadion loyihasi uch marta qayta tuzib chiqilgan. Har safar loyiha narxi qimmatlashib boshida taxmin qilingan summa 6,7 mlrd rubldan 43,8 mlrd rublgacha ko‘tarilgan.

Stadion hali foydalanishga topshirilmagan bo‘lsada, sinov uchun joriy yilning 27 oktabrida uchrashuv tashkil qilingan. Unda loyihaning yangi quruvchilari «Metrostroy» boshqa quruvchilar guruhiga 2:6 hisobida imkoniyatni boy bergan.

Arena JCh va Konfederatsyalar kubogidan tashqari 2020 yilda Yevropa bo‘ylab o‘tkaziladigan qit'a chempionatining guruh bosqichidagi uch va chorak finalning bitta uchrashuvini o‘zida qabul qilishi ko‘zda tutilgan. Stadion sig‘imi 68 ming tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Sochi. «Fisht» stadioni

Sochida o‘tgan 2014 yilgi qishki Olimpiada o‘yinlarining asosiy stadioni 2007 yilda qurilishni boshlagan va 2013 yilda nihoyasiga yetkazilgan. «Fisht» stadioni o‘rnida Marlinskiy qishlog‘i joylashgan bo‘lib, stadion nomi Kavkaz tog‘larining eng mashhur cho‘qqilaridan biri sharafiga qo‘yilgan («fisht» so‘zi adigeychadan tarjima qilinganda «oq bosh» ma'nosini beradi). Olimpiada o‘yinlari vaqtida stadion sig‘imi 40 mingni tashkil qilgan bo‘lsa. Musobaqalar tugagach, uning sig‘imi 47 700 tomoshabin sig‘adigan qilib kengaytirilgan. Hozircha stadionga tashrif bo‘yicha rekord 7-28 fevral kunilari bo‘lib o‘tgan Sochi-2014 o‘yinlari ochilishida kuzatilgan – taxminan 40 ming muxlis.

Qozon. «Qozon-Arena»

Tatariston poytaxtidagi bo‘sh, tashlandiq hudud o‘rniga barpo etilgan stadionning qurilish ishlari 2010 yildan 2013 yilga qadar davom etigan. «Qozon-Arena» — JCh-2018 uchun qurib bitkazilgan ilk stadion. Sankt-Peterburg va Sochidagi, shuningdek rekonstruksiya qilinayotgan «Lujniki» stadioni qayta foydalanishga topshirilguniga qadar Qozondagi stadion mamlakatdagi eng sig‘imi katta arena edi. Stadion sig‘imi 45 379 muxlisga mo‘ljallangan, FIFA bayrog‘i ostida o‘tadigan musobaqalarda esa bu ko‘rsatkich 44 779 o‘rinni tashkil qiladi.

Foydalanishga topshirilganidan keyin «Qozon-Arena» o‘zida qabul qilgan ilk musobaqa bu 2013 yilgi yozgi Universiada musobaqlari bo‘lgan. Obekt noyob ko‘rsatkich — suzish bo‘yicha 12ta jahon rekord o‘rnatilgan dunyodagi yagona futbol stadioni sanaladi (2015 yilgi suv sport turlari bo‘yicha jahon chempionati stadion ichida barpo etilgan suv havzasida o‘tkazilgan).

Stadionga tashrif buyicha o‘rnatilgan rekord 2015 yilning noyabriga to‘g‘ri keladi. O‘shanda Yevropa ligasi doirasidagi «Rubin» va «Liverpul» jamoalari uchrashuviga 41 585 muxlis tashrif buyurgan.

«Qozon-Arena»ning mediafasad qismi Yevropadagi eng katta Full HD ekranga ega stadionlardan biri sanaladi. Shu yil yozda mazkur ekran orqali Yevropa chempionatining barcha uchrashuvlari translyatsiya qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: