O‘zbekistonda tadbirkorlar Ombudsmeni tashkil etiladi

O‘zbekiston 21:26 / 05.10.2016 15157

O‘zbekistonda tadbirkorlar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida maxsus Biznes ombudsmen lavozimi paydo bo‘ladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida, O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakili institutini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etilgan.

Farmonda, yangi Vakil quyidagi asosiy vakolatlarga ega bo‘lishi lozimligi alohida uqdirilgan. Unga muvofiq, Oliy Majlisning Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakili tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etadi. Tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlaydi. 

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganib, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga ta'siri samaradorligini baholaydi. 

Bundan tashqari, davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini nazorat qiladi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: