Toshkent axborot texnologiyalari universitetida rektor o‘zgardi

O‘zbekiston 17:34 / 27.09.2016 50648

Bugun, 27 sentabr kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida (TATU) kadrlar almashinuvi yuz bergan. Bu haqda universtitet vakili kun.uz saytiga xabar berdi.

Manbaning ma'lum qilishicha, universitet jamoasi yangi rektor To‘lqin Teshaboyev bilan tanishtirilgan.

Endilikda shu yilning 8 fevralida universitet rektori sifatida ish boshlagan O‘tkir Hamdamov o‘rniga To‘lqin Teshaboyev tayinlangan.

To‘lqin Teshaboyev ilgari Kasaba uyushmalari Federatsiyalari Kengashi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Muqaddam esa o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti O‘zbekistondagi telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlovchi markaz hisoblanadi. Universitetning Farg‘ona, Urganch, Qarshi, Samarqand, Nukus shaharlarida filiallari mavjud. Oliygoh 1955 yilda Toshkent elektrotexnika aloqa instituti sifatida tashkil etilgan. 2002 yilda universitet maqomini olgan va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti deb nomlana boshlangan.

Universitet saytidagi ma'lumotga ko‘ra, universitet va uning filiallarida 10242 nafar talaba tahsil oladi. Oliygoh 26ta xorijiy davlatning 42 universitet, 8 ilmiy-tadqiqot markazi, 12 korxona va tashkilotlari bilan hamkorlik o‘rnatgan.

Ko‘proq yangiliklar: