Avstraliyalik tadbirkor «Bashneft» uchun o‘z narxini ilgari surdi

Iqtisodiyot 16:24 / 23.09.2016 4935

«Laytxauz Donoylgaz» kompaniyasi xo‘jayini, avstraliyalik tadbirkor Vladimir Jamirze Rossiyaning «Bashneft» kompaniyasidagi davlat ulushini xarid qilish uchun 6 mlrd dollar taklif qildi, deb xabar qilmoqda RNS. 

Xabarlarga ko‘ra, tadbirkor prezident Putinga maktub yo‘llab, pulni o‘tkazish uchun «tegishli idoralarga» ruxsat berishni iltimos qilgan. U shuningdek, Rossiya davlat rahbaridan barcha ishtirokchilarning qatnashuviga imkon beriladigan ochiq va adolatli auksion o‘tkazishga ko‘mak berishni so‘ragan. 

Jamirzening so‘zlariga ko‘ra, «Laytxauz Donoylgaz» va hamkorlari Shveytsariya banklarida Rossiya neft gaz sohasiga kiritish maqsadida 10 mlrd dollar mablag‘ni jamg‘arishgan. 

«Laytxauz Donoylgaz» egasining aniqlik kiritishicha, u Avstraliyaning 1998 yilda Melburn shahrida ro‘yxatdan o‘tgan va neft, neft mahsulotlari va suyultirilgan gaz savdosi bilan shug‘ullanuvchi xususiy Lighthouse Corporation korporatsiyasi bilan aloqador ekanini ma'lum qilgan. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, uning soliq to‘lovlaridan keyingi daromadi 2015 yilda 1,3 mlrd dollarni tashkil etgan.

Biroq, ICIS kompaniyasining suyultirilgan gaz yo‘nalishi bo‘yicha bo‘limi rahbari Roman Kazminning aytishicha, Avstraliya bozoridagi 8 yillik faoliyati davomida Lighthouse Corporation haqida biron marta ham eshitmaganini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: