Parijdagi “IFTM Top Resa – 2016” ko‘rgazmasi ishtirokchilari O‘zbekistonga katta qiziqish bildirishmoqda

O‘zbekiston 21:35 / 20.09.2016 7702

20 sentabr kuni Parij shahrida “IFTM Top Resa – 2016” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi ochildi. Unda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati keng namoyish etilmoqda. O‘zA bu haqida xabar berdi. 


O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshchiligida turizm sohasini rivojlantirishga doir amalga oshirilgan izchil islohotlar natijasida mamlakatimizda ichki va xalqaro turizm tobora kengayib, sayyohlik olamining yangi yo‘nalishlari kashf etildi. Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik, o‘zbekona mehmondo‘stlik, zamonaviy turizm infratuzilmasi hamda dam olish maskanlarida yo‘lga qo‘yilgan yuksak sifatli xizmatlar sayyohlarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda.


“IFTM Top Resa” - dunyodagi eng yirik va nufuzli xalqaro ko‘rgazmalardan biri. Joriy yilda ushbu ko‘rgazmada AQSh, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Braziliya, Rossiya, Belarus, Vetnam, Hindiston, Isroil, Eron va boshqa mamlakatlardan 1500dan ziyod sayyohlik firma va kompaniyalari o‘z xizmatlarini taklif etmoqda. Ko‘rgazma sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida jamlagan.


Fransiya poytaxtidagi “Porte de Versailles” ko‘rgazmalar zalida o‘tkazilayotgan nufuzli turizm forumidan joy olgan “O‘zbekiston” milliy stendi o‘ziga xos ko‘rkam dizayni, bezaklari va mazmunan boyligi bilan ishtirokchilar e'tiborini tortmoqda. Unda mamlakatimiz tarixiy obidalari, xalqimizning milliy an'ana va qadriyatlari aks ettirilgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Toshkent shaharlarining diqqatga sazovor joylariga oid rang-barang ma'lumotlar, xalq hunarmandchiligi buyumlari yarmarka ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.


Mazkur xalqaro ko‘rgazma jahon hamjamiyatini mamlakatimiz sayyohlik sanoati imkoniyatlari bilan keng tanishtirish, xorijning sayyohlik kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ikki va ko‘p tomonlama manfaatli shartnomalar tuzish, sayyohlik biznes rivojining tendensiyalarini aniqlash, jahon sayyohlik bozoridagi yangiliklar va o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish hamda bu borada o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini yaratadi.


Manbaga ko‘ra, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasida mamlakatimizning sayyohlik salohiyati mavzusida taqdimot o‘tkazilgan. Tadbirda ikki mamlakat turistik tashkilotlari o‘rtasida bitimlar imzolangan. 


 

Ko‘proq yangiliklar: