Poydevori mustahkam yurtning kelajagi porloq bo‘ladi

O‘zbekiston 16:10 / 17.09.2016 16473

Dunyoning ko‘plab mamlakatlari barcha zamonlarda o‘zining millat qahramonlariga ega bo‘lgan. Millat qahramonlari o‘z fidoyiligi va jasurligi bilan xalqning yuragidan joy olgan. Zero, ular hech qachon unutilmaydilar, xalq esa ularning qilgan mehnatlarini qadrlab, boshlab qo‘ygan ishlarini davom ettiradi. Shu ma'noda aytganimizda, Islom Karimov ham ana shunday buyuk shaxslardan biri sanaladi.

Davlat boshqaruvini esa biror kasb yoki hunar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Sababi, unda xalqingni kelajagini, yon atrofingdagi safsatabozlarni, “qopag‘on it”larni o‘ylab, kechalarni bedor o‘tkazishing, sog‘lig‘ingni yo‘qotishing mumkin. Lekin bu sening vazifang. Xalq senga ishondi, millionlab bolalarning kelajagi va orzu umidlari sen bilan bog‘liq. Mamlakatimizning birinchi Prezidenti bu vazifani mukammal ado etdi, o‘z vazifasiga mas'uliyat bilan yondosha oldi.

Yangi tug‘ilgan go‘dak uch yoshgacha tez-tez shamollaydi, ko‘cha-ko‘yda qoqilib tushaveradi. Qisqacha qilib aytganda, tashqi ta'sirlarga moyillik yoki immun tizimi kuchsiz bo‘ladi. Davlat ham ana shu go‘dak kabi ulg‘ayadi. Kuni kecha bayram qilingan Mustaqilligimizning 25 yilligiga ham oson erishilgani yo‘q. Istiqlol davrida mamlakatimiz rahbari va u bilan yelkama-yelka turgan mas'ullar turli g‘ov va to‘siqlardan yurtimizni eson-omon olib o‘tishdi. Natijada immun tizimi kuchaydi, ulg‘aygan mamlakatga “qopag‘on itlar” ham yaqinlashishga qo‘rqadigan bo‘lishdi. Buning ortida oz mehnat yotgani yo‘q.

Hozir mamlakatimiz aholisi o‘rtasida muhokama qilinayotgan mavzu bu yangi prezident sifatida kimning saylanishi bo‘lib qoldi. Bunga asosiy sabab, “itlar” tinimsiz akillab, tinch aholi yuragida qo‘rquv hissini paydo qilishga urinishayotganidir (ularning asosiy maqsadi ham shu o‘zi). Bizdan minglab chaqirim uzoqda turgan chala siyosatchilar kallasidagi to‘rtta-beshta suvarakning g‘imir-g‘imiridan kelib chiqib bizga qanday yashashimiz kerakligini, nimalarga e'tibor berishimiz lozimligini uqtirishmoqda. Ey yurtfurush, bir boshinga bir joyda qo‘nim topolmaysan-ku, yurt taqdirini o‘ylashni senga kim qo‘yibdi? 

Bugun odamlarning tilidagi nomzodlarning barchasi xalq orasidan chiqqan, xalqning o‘zi saylagan, kechani kecha, kunduzni kunduz demay shu O‘zbekiston rivoji uchun mehnat qilayotgan shaxslardir. Ular haqida kuni kecha bilgan odamlar bugun ijtimoiy tarmoqlarda ularning faoliyatini bir biri bilan solishtirib – xorijning norasmiy matbuoti orqali e'lon qilingan ma'lumotlardan xulosa chiqarib, munosabat bildirishmoqda. Aslida o‘ylab ko‘ring, marhum Prezidentimiz bilan yelkama-yelka turib ishlagan, mamlakatimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan shaxslarni bugun kimlarningdir nog‘orasiga o‘ynab, muhokama qilishimiz to‘g‘rimi?

Kuni kecha, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 4 dekabr kuni prezidentlik saylov o‘tkazilishi e'lon qilindi. Nasib etsa, saylovda xalqning o‘zi o‘ziga ma'qul nomzodni saylaydi.

Ko‘proq yangiliklar: