O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari rahbarlari chegaradagi vaziyatni muhokama qilishdi

O‘zbekiston 12:05 / 05.09.2016 120937

Qirg‘iziston bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev bilan Samarqandda uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabar bergan.

"Uchrashuv 3 sentabr kuni Qirg‘iziston bosh vazirining O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning dafn marosimiga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi", deyilgan xabarda.

Sooronbay Jeenbekov Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev nomidan ta'ziya bildirgan. U  O‘zbekistonning birinchi prezidentining mamlakatning mustaqillikka erishishi, xalqaro mavqeinining mustahkamlanishi va mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida muhim o‘rin tutganini e'tirof etgan.

O‘z navbatida Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston hukumati rahbariga og‘ir kunda qo‘llab-quvvatlab turgani uchun minnatdorlik bildirgan.

Uchrashuv chog‘ida hukumat rahbarlari  savdo-iqtisodiy, qishloq xo‘jalik sohasi, transport infratuzilmasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishgan.

Shuningdek, uchrashuvda chegara hududidagi vaziyatga alohida e'tibor qaratilgan.

22 avgust kuni O‘zbekiston hududiga noqonuniy o‘tgan qirg‘izistonliklar qo‘lga olingandi.

Namangan viloyati IIB xodimlari 22 avgust kuni viloyatning Chortoq tumanida joylashgan Ungor-Tepa tepaligida pasport rejimi tekshiruvini o‘tkazgan. Tekshiruv jarayonida O‘zbekiston hududida noqonuniy ravishda bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarolari, Qirg‘iziston radio-tele stansiyasi xodimlari A.Urmanov, J.Tashmatov, U.Yeraliyev va N.Usupbayev qo‘lga olingan. Qonunbuzarlar mahalliy militsiya bo‘limiga olib kelingan, ularga nisbatan O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq chora ko‘rilgan.

IIV tomonidan ta'kidlanishicha, ilgari erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarga qaramasdan, Qirg‘iziston huquq tartibot organlari besh oydan ortiq vaqt davomida Namangan viloyati Kosonsoy tumani O‘rta-To‘qay aholi maskaniga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon, yonilg‘i-moylash materiallari va boshqa zarur mahsulotlarni o‘tkazmasdan maskan aholisini qamalda ushlab turgan.

Bundan tashqari, Kosonsoy suv omborini qo‘riqlash bo‘yicha o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan Kosonsoy tuman ichki ishlar bo‘limi xodimi Qirg‘iziston kuch tizimlari tomonidan noqonuniy qo‘lga olingan va ushbu mamlakat hududida o‘n kundan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan.

Ko‘proq yangiliklar: