Buyuk mehr oldidagi qarzdorlik

Jamiyat 09:47 / 04.09.2016 28546

Xalqimiz boshiga og‘ir musibat tushgan bu kunda millionlab o‘zbek yoshlari  qatori  men  ham chuqur qayg‘udaman. Cho‘qqining viqori uzoqdan zalvorli  ko‘ringanidek mustaqilligimiz me'mori Islom Abdug‘aniyevich  Karimov  amalga oshirgan  bunyodkor  islohotlarning  mislsiz qudrati  ham uni yo‘qotgan kunimizda har bir  yurtdoshimizning  qalbida  purviqor  tog‘dek  yuksalayotgani  shubhasiz.

Tarix, kelajak avlod,  albatta, bu buyuk ishlarga o‘z bahosini beradi.  Lekin  bugungi  musibatli  kunda  Yurtboshini so‘nggi yo‘lga kuzatayotib, ko‘z yoshi bilan birga quyilib  kelayotgan  ayrim mulohazalarni bildirmoqchiman. 

1998 yilda - Respublika nafis san'at litseyida o‘qib yurgan kezlarimda  “Aks sado”  teleko‘rsatuvida  ishtirok  etgan  bir  guruh   yoshlarga  Prezidentimiz o‘z dastxatlari  tushirilgan  kitoblarini taqdim etgan edi. Kitobda “Katta ishonch va umid bilan!” so‘zlari yozilgan edi. O‘shanda 16 yoshda edim. Bu voqea bunday baxtga sazovor bo‘lgan boshqa tengdoshlarim qatorida mening hayotimni  ham butunlay  o‘zgartirib  yubordi.  Keyinchalik  teleko‘rsatuv boshlovchisi, taniqli  jurnalist Quddus A'zamov aytib  bergan  ediki, Islom  Abdug‘aniyevich  “Yoshlarimiz uchun  ekan bu” deb erinmasdan 200 ta kitobga  o‘z  qo‘llari  bilan  yozib  chiqqan ekanlar....

Mana shu  kitobni  hozirgacha eng aziz tuhfa sifatida  saqlab kelaman. Kecha  mashum  xabarni  eshitiboq  yana  o‘sha  kitobni  titrab  varaqladim:  “Katta ishonch va umid bilan!”... Mana shu so‘zlar necha yildirki, menga kuch berib, doimo  faol, fidoyi  va uyg‘oq  bo‘lishga  undab  keldi. Mana shu jumla sabab men qishloqdan kelib poytaxtdan yashab qoldim. Oliygohga kirdim, ishga  joylashdim. Qayerda ishlamay  obro‘-e'tibor topishga, faol bo‘lishga,  davlat  rahbarining katta umidi va ishonchini oqlashga astoydil intildim. 

Islom  Karimov  butun  xalqimizga  ishonch,  umid  berdi. U bizni eng og‘ir damlarda ham qaddimizni egmaslikka, hech kimga qaram bo‘lmaslikka o‘rgatdi. U biz  yoshlarni  jasoratga, matonatga, fidoyilikka, shu aziz Vatanni  chinakamiga  sevishga,  tinchlikni  qadriga yetishga  o‘rgatdi.  Uning xalqimizga, biz  yoshlarga  mehru muhabbati cheksiz va hadsiz edi!  

Kunlarning birida - 22 yoshimda menga Prezident Farmoni bilan “Shuhrat”  medaliga  sazovor  bo‘lganimni  aytishdi. Men  o‘shanda buni tasavvurimga ham sig‘dira  olmagandim. Qishloqqa medalni taqib borganimda ota-onam  quvonchdan  xo‘ngrab  yig‘lab  yuborishgandi. 

O‘zingiz endi tasavvur qiling, mustaqillik yillarida qanchadan-qancha yigit-qizlar Yurtboshimiz g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘lib, orden-mukofotlar sohibi bo‘ldi. Bolalar sportiga qaratilgan e'tibor sababli mamlakatimizda qanchadan-qancha jahon va osiyo chempionlari yetishib chiqdi. Ruslan Nuriddinov, Hasanboy Do‘stmatov, Shahobiddin Zoirov kabi olimpiada  chempionlari  ana  shu siyosatning mahsuli emasmi?!   

Yoshlarimizning bu kabi yutuqlarni qo‘lga kiritishiga zamin yaratgan bir kuchli  omil  bor.  Bu – davlat rahbarining ishonchi va rag‘bati! Islom Karimov  biz – yoshlarni  otalarcha  yaxshi  ko‘rar  edi. U kishi yoshlarning yutuqlaridan  behad mamnun bo‘lar edi. U kishi bizga ishonardi va bizni ham doimo hech kimdan kam bo‘lmaslikka, o‘z kuchimizga va salohiyatimizga  ishonishga  da'vat  qilar  edi.  
Yurtboshida  yoshlarga  qo‘shimcha  quvvat, g‘ayrat-shijoat  bag‘ishlovchi kuch, mehr  bor  edi.  U kishi  doimo yoshlarimizga murojaat qilib, yangidan-yangi zafarlarga undardi. Juda  ko‘p  yoshlarimiz  o‘z yutuqlariga erishishida  davlat rahbarining daldasi va ishonchi hal qiluvchi omil bo‘lganligini  aytishgan. 

Men mana shunday  buyuk tarixiy  shaxs bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘lganimdan faxrlanaman. Bu onlar hayotimning eng unutilmas damlari bo‘lib xotiramda  umrbod saqlanib qoladi. Yurtboshi menga “O‘g‘lim” deb murojaat  qilgan.  Bu menga  o‘zgacha  dalda  va  ishonch  bergan.  Umrimning oxirigacha u kishining menga  ko‘rsatgan  mehri  va ishonchini  oqlash  uchun  bor   kuch-g‘ayratimni   bag‘ishlayman.  

Mustaqillik  yillarida  Islom  Karimovning otalarcha mehri bilan minglab  yoshlar – butun boshli  yangi bir avlod  kamolga  yetdi.  Biz  yoshlar ana  shu  mehrga va  ishonchga  sodiq  qolib,  o‘z kuchimizga va salohiyatimizga ishonib, yangi marralarni egallashimiz shart. Bu biz uchun ham farz, ham qarz!  

Mustaqilligimizni, tinch va osuda hayotimizni  ko‘z qorachig‘idek  asrab-avaylash, Yurtboshimiz orzu qilganidek O‘zbekistonning dunyodagi rivojlangan  davlatlar  safidan  joy  olishi  uchun  fidokorona xizmat qilish  shu yurtda yashayotgan, millati va dinidan qat'iy nazar har bir yigit-qizning  farzandlik  burchidir!  
O‘shandagina bizga bildirilgan katta umid va ishonchni oqlay olamiz, o‘shandagina biz ota oldidagi burchini bajargan farzanddek  vijdonan  pok va  xotirjam  bo‘lishimiz mumkin.
“Bo‘sh  kelmang, farzandlarim, davr bizniki, marra bizniki”!

Mana  shu  da'vat  bugun o‘z otasi bilan vidolashayotgan millionlab yoshlarimizning  quloqlari  ostida  xuddi  yashindek  chaqnab,  biz yoshlarga milliy davlatchiligimiz  rivojiga  ulkan  hissa  qo‘shgan buyuk davlat arbobi – Islom  Karimov  oldidagi  qarzdorlik va farzandlik burchimizni har lahza, har  daqiqada   yodga  solib  turishini  istardim.
  
Shuhrat  Oripov
 

Ko‘proq yangiliklar: