Suriyada kurdlar turklarning tanklariga hujum qilishni boshladi

Jahon 10:50 / 28.08.2016 17067

Kurd jangchilari Suriya shimolidagi Turkiya tanklariga raketalar orqali hujum qilishdi va 1 askarni o‘ldirib, 3 nafarini yaralashdi.

"Anado‘lu" agentligi xabarida aniqlik kiritilishicha, raketalar ikkita tankka kelib tekkan va undagi harbiylar jabrlangan.

Bu Turkiya tomonidan 24 avgust kuni Suriya shimolida "Frot qalqoni" operatsiyasi boshlanganidan beri turklarning ilk talofati hisoblanadi. Jarohatlanganlar vertolyot orqali Turkiyaga olib ketilgan.

Suriya kurdlarining "Demokratik ittifoq" partiyasi harbiylari biroz oldinroq IShIDdan ozod etilgan Jaralbus shahri hududidagi turklarga hujum qilishgan.

Turkiya harbiylari bu hujumga javoban kurdlarning pozitsiyalarini o‘qqa tutgan.

Turkiya "Frot qalqoni" amaliyoti  IShID va kurdlarga qarshi olib borilishini bildirgan.

Qayd etish kerakki, Turkiya Suriya shimolida, o‘z chegaralari yaqinida kurdlarning kuchayishini va yangi davlat tashkil etishini istamaydi. Turkiya hukumati bu hududdagi kurdlar NATOdagi ittifoqchisi AQSh tomonidan qurol-yarog‘ bilan ta'minlab turilishini iddao etadi.

Turkiya bu hududda Suriya muxolifati hisoblanadigan, Bashar Asad hukumati, IShIDga hamda kurdlarga qarshi 3ta frontda kurash olib borayotgan Suriya ozodlik armiyasini tanklari va aviatsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: