O‘tkazib yubormang. Dam olish kunlaridagi muhim 5ta uchrashuv

Sport 09:25 / 27.08.2016 17375

Shanba va yakshanba kunlari Yevropada milliy chempionat o‘yinlari davom ettiriladi. Futbol muxlislarini bir qator qiziqarli o‘yinlar kutmoqda. 

APL. "Tottenhem" – "Liverpul" (Shanba, Match! Futbol 1. 16:30)
Angliya Premer-ligasining 3-tur uchrashuvlari orasida "Tottenhem" - "Liverpul" bahsi muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Bu jamoalar azaldan bir-biriga munosib raqiblar bo‘lib kelgan. Oxirgi yillarda "Liverpul" londonliklardan ustunligini ko‘rsatib kelmoqda. Avvallari "shporlar" bir necha bor "Liverpul"ni mag‘lub qilgan edi. Oxirgi turda "Liverpul" mag‘lub bo‘ldi, "Tottenhem" esa kichik hisobdagi g‘alabaga erishgandi. Shanba kuni bu bahs bo‘lib o‘tadi.

A seriya. "Napoli" – "Milan" (Shanba, Match! TV, Match! Futbol 3. 23:45)
Higuainsiz qolgan "Napoli"ga mavsum omadsiz start bilan boshlandi. "Milan" esa aksincha, Bakkaning xet-triki tufayli g‘alabaga erishdi. Italiyada bu ikki jamoa o‘rtasida o‘yin ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Ilgari ikki jamoa o‘zaro to‘qnashadigan bo‘lsa, oddiy o‘yin sifatida qaralardi. Keyinchalik intriga yuzaga kelib, qiziqish ancha oshdi. "Milan" va "Napoli" bahsi mamlakatda derbilar qatoriga qo‘shildi. Shanba kuni bu ikki klub o‘zaro hisob-kitob qiladi. Italiya futboli ixlosmandlari uchun ushbu bahsni o‘tkazib yubormasliklarini aytib o‘tamiz. 

RFPL. "Krasnodar" – "Lokomotiv" (Yakshanba. Match! TV, Nash Futbol. 21:15)
Rossiya Premer-ligasining navbatdagi turida O‘zbekiston terma jamoasining ikki nafar muhim futbolchisi o‘zaro bahslashadi. Yakshanba kuni "Krasnodar" jamoasi "Lokomotiv"ga qarshi to‘p suradi. Odil Ahmedov hamda Vitaliy Denisov o‘rtasida o‘zbekcha derbi bo‘lib o‘tadi. Shu o‘yindan keyin ular Toshkentda Suriyaga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston terma jamoasi qarorgohiga yetib kelishadi. Ko‘ramiz, bu o‘yinda qaysi bir o‘zbek futbolchi g‘alaba qozonadi ekan.

La Liga. "Atletik" – "Barselona" (Yakshanba. 23:15)
Ispaniya chempionati ixlosmandlarini 2-turda "Atletik" - "Barselona" o‘rtasidagi qiziqarli bahs kutmoqda. Bilbaoliklar doimo "Barselona"ga jiddiy raqiblik qilib kelgan. Hattoki, mag‘lub qila olgan. Dastlabki turda Luis Enrike shogirdlari "Betis"ni yanchib tashladi. Endilikda o‘ziga birmuncha qiyin bo‘lgan raqib "Atletik"ga qarshi to‘p suradi. Qolaversa, safarda bahs olib borishiga to‘g‘ri keladi. 

Liga 1. "Monako" – PSJ (Yakshanba. Match! Futbol 1. 23:45)
Frantsuzcha "El-Klassiko"lardan biri "Monako va PSJ o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Avvaldan knyazliklar PSJga asosiy raqib bo‘lib kelishgan. Keyinchalik ular o‘z darajasida o‘yin ko‘rsata olmay qolganidan keyin, "Lion" katta sahnaga chiqqandi. Oxirgi yillarda "Lion" ham pasayish davriin boshdan kechirmoqda. Endilikda PSJga "Monako" jiddiy raqib bo‘lib kelmoqda. Bu jamoalar o‘rtasidagi bahs Fransiyada derbi sifatida qaraladi.  Moliyaviy imkoniyatlari yuqori bo‘lgan ikki klub o‘rtasidagi dramatik jangga o‘tkazib yubormaysiz degan umiddamiz. 

Ko‘proq yangiliklar: