Tarix guvoh - ma'rifat jaholatni yengadi

Jamiyat 12:24 / 27.08.2016 10629

Hozirgi paytda jahonda kechayotgan global siyosiy jarayonlar, turli manfaatdor kuchlarning o‘z maqsadlari yo‘lida olib borayotgan geosiyosiy o‘yinlari oqibatida mustaqillik yo‘liga o‘tgan yosh mamlakatlarning tinchligi va xavfsizligi katta xatar ostida qolyapti. Ayniqsa, xalqaro siyosatda din omilidan foydalanishga urg‘u berilayotgani bu xatarni yanada kuchaytirmoqda. Muxoliflarimizning dinning asl mohiyatini buzib ko‘rsatish, undan o‘z manfaatlari va qabih rejalari yo‘lida foydalanishga urinishlari tobora avj olyapti. G‘arb davlatlarining axborot mashinalari tinimsiz ravishda afkori ommaga Islom dinini buzg‘unchilik, qotillik, vahshiylik, terror dini deya ko‘rsatishga harakat qilyapti. Shu jihatdan ham jamiyat oldida odamlarning «dinning ma'naviy qadriyatlari bilan, shiorlardan, xususan Islomni qayta tiklash shioridan foydalanayotgan muayyan kuchlar ko‘zlayotgan, dinga aloqasi bo‘lmagan siyosiy va boshqa tajovuzkor maqsadlar o‘rtasidagi farqni tushunib olishlariga erishish» zarurati tug‘ildi.

Bu g‘arazli harakatlar ta'siridan mintaqamiz ham chetda qolayotgani yo‘q. Keyingi paytlarda Markaziy Osiyo hududida ham ayrim diniy-siyosiy va ekstremistik kuchlar dinni siyosiylashtirishga, shu yo‘l bilan odamlar, xususan yoshlar ongiga ta'sir o‘tkazishga zo‘r berib intilishmoqda. “Alloh qalbimizda, yuragimizda” kitobida aytib o‘tilganiday, «bu yovuz kimsalar hali ongi shakllanib ulgurmagan, tajribasiz, g‘o‘r yoshlarni o‘z tuzog‘iga ilintirib, bosh-ko‘zini aylantirib, ulardan o‘zlarining iflos maqsadlari yo‘lida foydalanmoqda. Bu esa Islomning insonparvarlik g‘oyalarini obro‘sizlantirishga sabab bo‘lmoqda». Bunday qabih xatti-harakatlarning mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligiga raxna solishi, milatlararo va dinlararo birdamlikka putur yetkazishi, odamlarni bir-biriga qarshi bo‘lgan turli guruhlarga bo‘lib tashlashi, ular orasida fitna va buzg‘unchilik g‘oyalarini yoyishi bugun kunday ravshan bo‘lib turibdi.

Bunday keng miqyosli va puxta o‘ylangan xurujlarga nisbatan qanday omillarni qarshi qo‘yish mumkin? Buning uchun, eng avvalo, odamlarimizga sof diniy manbalar asosida tashqi kuchlarning din omilidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish uchun olib borayotgan harakatlari mohiyatini ochib berish kerak. Islom dini zo‘ravonlik, qon to‘kish yoki buzg‘unchilikka targ‘ib qilmasligi, aksincha, bu din tinchlik, insonparvarlik, kengbag‘irlik, ezgulik dini ekanini keng tushuntirish lozim bo‘ladi. Aslida bu din har qanday zulm, qotillik, birovga ozor yetkazishdan butunlay xoli, eng go‘zal va ezgu amallarni bajarishga chaqiruvchi sof e'tiqoddir.

Mana shu jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, imon va kufr masalasi ham Islomdagi eng nozik, ahamiyatli masalalardandir. Bir insonning musulmonlik da'vosida qanchalik rostgo‘y ekani yolg‘iz Parvardigorgagina ayon. Shuning uchun ham, o‘tmishdagi ko‘plab buyuk allomalarimiz, mutafakkirlarimiz o‘zlaricha faraz qilishdan saqlanishgan, muayyan bir shaxsni kofirga hukm qilish borasida juda ehtiyotkor bo‘lishgan. 

Ammo bugunga kelib buyuk ajdodlarimiz an'analari unutildi, bir-ikki kitobni o‘qib olib o‘zini mujtahid sanaydigan, kishilarni bo‘lar-bo‘lmasga kofirga chiqaradigan oqim va firqalarning vakillari paydo bo‘ldi. Bunday oqim va firqalar (masalan, “Al-hijra vat-takfir”, “Ixvanul-muslimin” kabi) imon va kufr masalalarida o‘ta jur'atli bo‘lib ketishgan. Islomni hali chuqur o‘rganmagan, yetarli bilim olmagan ba'zi yoshlarimiz ularga ko‘r-ko‘rona ergashib, zalolat va johillik yo‘liga kirib ketishmoqda. Shu o‘rinda «Nega shunday bo‘lyapti», «Ularning xatosi nimada», «Muammoning yechimi bormi» degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Ushbu maqolamizda ana shu savollarga javob topishga harakat qilamiz.

Alloh taolo O‘z bandalarini so‘zlarning eng go‘zaliga, foydalisiga ergashishga chaqiradi: “Bas, (ey Muhammad), Mening shunday bandalarimga xushxabar beringki, ular gapni tinglab, so‘ng uning eng go‘zaliga ergashadilar. Aynan o‘shalar Alloh hidoyat etgan zotlardir va aynan o‘shalargina aql egalaridir” (Zumar surasi, 17 18-oyatlar). Muhammad alayhissalomdan rivoyat qilingan hadisi shariflarda ham insonlar yaxshi amallar qilishga, yomonliklardan qochishga chaqiriladi: “Musulmon kim – uning qo‘li va tilidan hech kim ziyon ko‘rmagan kishi. Mo‘min kim – boshqalarning moli va joniga tajovuz etmaydigan kishi. Muhojir kim – gunoh va ma'siyatlarni tark etgan kishi. Alloh yo‘lida mujohid kim – nafsiga qarshi kurashishga kirishgan kishi”; “Ummatim hech qachon zalolatli ishlarda birlashmaydi”; “Insonlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi kishiga Alloh taolo, Uning farishtalari, osmon va Yer ahllari, hatto uyalardagi chumoliyu dengizdagi baliqlar ham salavot aytadi”. 

Dinimizning ana shu ko‘rsatmalaridan chekinib, adashgan firqalarga ergashib ketgan yoshlarimiz johilliklari, dinning asl mohiyatini anglab yetmaganlari oqibatida imon va kufr masalasida bir necha xatolarga yo‘l qo‘yishadi. Keling, ana shu xatolarni batafsil ko‘rib chiqaylik:

Bizningcha, ular yo‘l qo‘yayotgan xatolarning birinchisi yuqoridagi masalaga yengil-yelpi qarash, bunda shoshma-shosharlik qilishdir. Biror shaxs yoki butun boshli jamiyatni kufrda ayblash yoki kofirga chiqarish o‘ta qaltis ish bo‘lib, bunga ko‘r-ko‘rona munosabatda bo‘lish yaramaydi. Chunki buning ortida kufrga chiqarayotgan yoki chiqarilayotganlardan biri uchun dahshatli oqibat yotibdi. Imom Buxoriy Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Kishi o‘z birodariga «ey kofir!» desa, (kufr) ikkisidan biriga qaytadi”. Hadisdan ko‘rinib turibdiki, o‘zgani kofirga chiqarish oddiy haqorat so‘zi emas, aksincha, birovning taqdiriga aralashib, o‘z oxiratini boy berib qo‘yish ehtimolini tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xatarli masalalardan biri ekan. Shuning uchun ham hanafiy mazhabi ulamolari boshqa mazhablarning olimlariga qaraganda “takfir” (kufrda ayblash, kofirga chiqarish) masalasiga ko‘proq ahamiyat berishgan. Bu haqda yozilgan asarlarning birinchisi misrlik olim, hijriy 768 yili vafot etgan Muhammad ibn Ismoil ibn Mahmud Badr Rashid Rashidiy qalamiga mansub bo‘lsa, uning «Kufr so‘zlar» nomli mazkur asariga birinchi bo‘lib hanafiy olimlardan alloma Aliyyul Qoriy mufassal sharh yozgan.

Xatolarning ikkinchisi Alloh buyurmagan ishlarga vaqtni behuda sarf etishdir. Musulmon kishining dunyo va oxiratda o‘ziga naf beradigan amallar bilan shug‘ullanishi maqsadga muvofiqdir. Qiroat ilmining mashhur imomlaridan Imom Shotibiy bunday deydi: “Shariatda e'tirof etilgan ilm, ya'ni Alloh va Uning Rasuli maqtagan ilm – bu amal qilishga undovchi ilm bo‘lib, u o‘z egasini xohish va istaklarga ergashuvchi emas, balki ilmiga muvofiq yuruvchi qiladi”. “Takfir” esa, hech kimga foyda bermaydigan, aksincha zarariga hujjat bo‘ladigan manfaatsiz ishlardandir. 

Axir, Alloh taolo bizlarni biror shaxs yoki jamiyatning kamchiliklarini izlashga, uni kofirga chiqarish uchun umr bo‘yi hujjat to‘plashga buyurmaganku! Bu haqiqatni har kim aqida ilmi ustozlaridan aniqlab olsa bo‘ladi. Achinarlisi shundaki, bu kabi ishlar bilan shug‘ullanib yurgan yoshlarning aksari imonning eng muhim masalalari, namoz, ro‘za, zakot kabi ibodatning asosiy shartlari borasida yetarli ilmga ega emaslar. Ular hatto Qur'onning eng qisqa suralarini tajvid qoidalariga binoan o‘qib bera olishmaydi, hadisning asl matnlariga «tishlari o‘tmaydi». 

Uchinchi xato bu kabi nozik masalalarga hali ularning shartlarini mukammal ravishda o‘zlashtirmay turib kirishib ketishdadir. «Kufr» so‘zi, yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek, istalgan paytda, duch kelganga qarata aytib yuboriladigan so‘z emas. Buni imonli musulmonga nisbatan qo‘llash yengiltaklik, kaltabinlik va johillikdan boshqa narsa emas. Islom tarixida bunday ishga ilk bor qo‘l urgan xavorijlarni hazrati Ali (karramallohu vajhahu): “Bunday nodon yoshlar Qur'on o‘qisa, tilovatlari bo‘g‘zidan nariga o‘tmaydi”, deya sifatlaganlar. Mana shu gapning o‘ziyoq barcha zamonlarda ham ularga ergashuvchilarning Qur'on oyatlari va hukmlarini chuqur idrok eta olmasliklariga ishoradir.

Islomda “Al-yaqinu la yazulu bish-shak” (Aniq narsa shak-shubha bilan yo‘q bo‘lmaydi) degan qoida bor. Ya'ni, har bir narsa haqida aniq hujjat-dalil bilan hukm chiqarish kerak. Ushbu qoidaga ko‘ra, bir musulmonning olgan tahorati shak-shubhalar bilan buzilmaydigan bo‘lsa, uning butun imoni va musulmonlik sifatiga qanday qilib gumon-taxminlar sababli til tekkizish mumkin? Mazkur qoidaga binoan, agar uning imonda turgani aniq bo‘lsa, joni ham, moli ham boshqalarga haromdir. Rasululloh (s.a.v.) vado hajida: “Ushbu shaharda (Makkada), ushbu oydagi (Zul-hijja) bugungi kunning (arafaning) hurmatlangani (haromligi) kabi qonlaringiz, mollaringiz va or-nomuslaringizga tajovuz qilish ham bir-birlaringizga haromdir. Shohidlar shohid bo‘lmaganlarga yetkazsin”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Shunday bo‘lgach, «zamona allomalari» qaysi hujjatga ko‘ra begunoh musulmonlarni kofirga chiqarib, ularni qatl etishga fatvo berishyapti ekan?! 

Biz bu mulohazalarimiz bilan Islomda umuman “kufr, takfir” degan tushunchalar yo‘q, demoqchi emasmiz. Chunki ba'zi oyat va hadislarda u yoki bu amal kufr deb atalgani Islom ta'limotlaridan biroz xabari bor kishiga yaxshi ma'lum. Lekin musulmonlarimiz bu borada jiddiy farqli tomonlar borligini yaxshi anglab olishlari kerak. Bu ham bo‘lsa, biror amalni «kufr» deyish bilan o‘sha amalni sodir etgan muayyan shaxsni kofirga chiqarish o‘rtasida katta farq bor. Fikrimizni Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislar vositasida dalillashimiz mumkin. 

Imom Buxoriy hazrati Umardan (r. a.) rivoyat qilgan hadisda keltirilishicha, “Rasululloh (s.a.v.) davrlarida Abdulloh ismli kishi keltirilib, ichkilik tufayli darra urildi. So‘ng yana bir kuni keltirilib, yana darra urishga buyurildi. Shunda to‘planganlar ichidan bir kishi: “Ey Alloh, uni dargohingdan (rahmatingdan) yiroq qil, juda ko‘p keltirildi”, dedi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Uni la'natlama, chunki men uni Alloh va Uning Rasulini sevishini bilaman”, dedilar. Boshqa bir hadisda ichkilik tufayli jami o‘n kishini la'natlagan Payg‘ambarimiz (alayhissalom) xuddi shu ishni qilgan muayyan bir kishini la'natlashdan qaytarib turibdilar.

Yoki Qur'onni «maxluq» deyish kufr ekaniga Ahli sunna val jamoa ittifoq qilgan. Aynan shu masalada og‘ir sinovlarga uchragan mazhabboshi imom Ahmad ibn Hanbal biror kimsani ushbu so‘z tufayli kofir yo murtad bo‘ldi, xotini taloq, qoni halol bo‘ldi, demadi. U aksincha odamlarni shu zalolatga boshlagan hukmdor (xalifa) haqiga istig‘for va duolar qildi. Agar uni kofir hisoblaganlarida oyat va hadisga muvofiq uni duo qilishlari mumkin bo‘lmas edi. Imom Ahmad va u kabi allomalarni Alloh bergan chuqur ilm, o‘tkir idrok va faqihlik bunday ishlardan saqlagan edi.

Musulmon kishini biror gunohi yoki bilmasdan qilgan xatolari uchun kofirga chiqarish yoki ko‘pchilik aholisi musulmon bo‘lgan o‘lkalarni «kufr diyori» deb atash dinimiz ta'limotlariga mutlaqo ziddir. Buyuk mazhabboshimiz imom Abu Hanifaning (rahmatullohi alayh) aqidaga oid “Fiqhul akbar” kitobida bayon etilgan quyidagi fikrlarini keltirib o‘tish maqsadga muvofiqdir: “Biror musulmonni qilgan gunohi tufayli kofirga chiqarmaymiz, garchi u gunohi kabira bo‘lsa ham. Basharti uni halol deb e'tiqod qilmagan bo‘lsa, undan imon ismini ham olib tashlamaymiz, uni haqiqiy mo‘min deb atayveramiz. Uni fosiq mo‘min deb atash mumkin, faqat kofir deb emas”. 

Mazhabimizda mo‘'tabar sanalgan “Durrul muxtor” va uning sharhi “Raddul muxtor”da bunday yozilgan: “Islom diyori faqat mana bu uchta shart to‘planganidan keyingina kufr diyoriga aylanadi: 1) Ahli shirk hukmlari yuritilishi bilan (shu joyning hoshiyasida: “Mushriklarning hukmi oshkor yuritilib, musulmonlarning hech bir hukmi yuritilmaganidan keyin kufr mamlakati bo‘ladi”. Demak, musulmonlarning hukmi ham, kofirlarning hukmi ham yuritilgan diyor kufr yurti sanalmaydi; 2) Islom diyori kufr mamlakatlariga qo‘shilib, birlashib qolsa; 3) mamlakatda biror tinch va xavfsiz musulmon qolmasa”.

Ushbu uch shartning hammasi bir mamlakatda topilsa, u joy kufr mamlakatiga aylanadi. Agar bittasi yoki ikkitasi topilib, boshqasi topilmasa, Islom yurti bo‘lib qolaveradi. Islom hukmlari deganda faqat siyosiy hukmlar emas, juma va hayit namozlarini barpo qilish, muftiy va qozi saylab, unga ergashishni buyurish, haj safariga sharoit yaratib berish kabi hukmlar ham tushuniladi. Chunonchi, yuqoridagi kitobda yozilganiday, “Dorul harb (kufr yurti) musulmonlarning juma va hayitlariga o‘xshagan hukmlari yuritilishi bilan Islom yurtiga aylanadi, garchi u yerda kofirlar bo‘lsa ham va Islom mamlakatiga qo‘shni bo‘lmasa ham”. 

Zamonamizning mashhur allomasi doktor Yusuf Qarazoviy bir musulmonni kofirga chiqarish xususidagi savolga quyidagi javobni bergan: “Kim Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad (alayhissalom) Uning Rasuli ekaniga qalbi bilan tasdiqlagan holda guvohlik bersa, u musulmondir. Unga to‘laligicha musulmonlarga qilinadigan muomala qilinishi kerak”. 

Bu dalillarga insof bilan yondoshadigan bo‘lsak, mamlakatimiz Islom diyori ekaniga, musulmonlarimizning bari musulmon rahbarlar qo‘l ostida ekaniga aslo shak-shubha qolmaydi. Mamlakatimizda dinning aksariyat hukmlariga amal qilinmoqda, yurt rahbarlari o‘zlarining mo‘min ekanlarini baralla aytish bilan birga, o‘zgalarni Islomda sobit turishga, boshqa dinlarga qo‘shilib ketmaslikka targ‘ib qilib turishibdi. Demak, bu yurtni johiliyat davriga o‘xshatib kufr diyori deya atashga, xalqini kufrda ayblashga hech qanday asos yo‘qligi ochiq ayon bo‘lib turibdi. 

Ko‘rinib turibdiki, inson ilmni qanchalik chuqur egallasa, din ta'limotlarini teran anglaydigan bo‘lsa, bir masalaga kirishishda, voqelikka baho berishda va xulosa chiqarishda shunchalik ehtiyotkor, e'tiborli bo‘ladi. Aksincha, ilmi qanchalik sayoz va yuzaki bo‘lsa, o‘rgangan narsalarini to‘g‘ri va teran fahmlamasa, bu kabi xatarli masalalarda fatvo berishga, xulosa chiqarishga jur'atli bo‘lishi, haq yo‘ldan adashishi, zalolatga yuz burishi shunchalik osonlashib qolar ekan. Alloh taolo bunday johillarga qarata: «Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang» (Nahl, 43), deb ta'lim beradi.

Shu o‘rinda mana shunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslikning muhim shartlaridan bo‘lmish diniy ilm, xususan aqida ilmini o‘rganishda ustozni to‘g‘ri tanlash zarurati haqida ham to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Bu borada eng yaxshi ustoz umrini shu bilimlarga bag‘ishlagan, aqida va fiqh ilmlarini chuqur egallagan, Islom ta'limotlari haqida teran fikrlovchi shayx va ulamolardir. O‘tmish ulamolarimizning aytishlaricha, «Oldinlari ilm kishilarning zehnida bo‘lgan, keyinchalik u kitoblarga ko‘chdi, lekin kalitlari o‘zlarida qoldi». 

Ya'ni, inson o‘zi o‘qib-o‘rganishi bilangina ilmni to‘la egallay olmaydi, u hamisha bir oqil ustozga muhtojdir. Imom Shotibiy “Muvofaqot” kitobida ilmni ustozlardan olish barakoti haqida bunday yozadi: “Qanchadan-qancha masalalar borki, ilm toliblari ularni kitobdan o‘qib-yod oladi va doimo takrorlab yuradi-yu, ammo ma'nosiga tushunmaydi. Agar o‘sha masalalarni olim kishi bayon etib-sharhlab bersa, darrov tushunishadi. Bu tushunish talabaning aqli yetmagan joyni shayx izohlab berishi orqali yoki shunchaki ustoz oldida turgan talabaga Allohning marhamati sababidan hosil bo‘lishi mumkin”. Bunga misol qilib sahobalarning Qur'onni tushunishdagi holatlarini keltirish mumkin. Ba'zi oyatlar nozil bo‘lganida o‘zicha tushundim deb hisoblagan sahobiylar keyinchalik Rasulullohdan (s.a.v.) mazkur oyatda iroda qilingan ma'no boshqacha ekanini bilib olganlari ma'lum va mashhurdir.

Bulardan shu narsa ayon bo‘ladiki, dinimizning asl ta'limotlaridan ancha chekinilgan bugungi kunda ayrim yoshlarimiz din va aqida xususida bir-ikki risolacha bilan tanishib olib yoki internet tizimidagi ba'zi saytlar keltirgan ma'lumotlarga tayanib, u yoki bu masalada o‘zlarini olim sanashga, hatto fatvo berishga ham jur'at qilishyapti. Bu bilan azaldan bir mazhab va sof aqidada tinch yashab kelayotgan yurtimiz musulmonlari, xususan tengdoshlari ongini zaharlashga urinishyapti. Ularning asl maqsadlari yaxshilik qilish yoki din haqida jon kuydirish emas, balki chetdagi homiylari ishonchini va mablag‘ini oqlash yo‘lida qilinayotgan fitna va buzg‘unchiliklardir. Har bir musulmon aqida ilmini yaxshi o‘zlashtirishi, aqidada sobit bo‘lishi zarurligi ayon bo‘ladi. Bejizga atoqli shoirimiz So‘fi Ollohyor bunday yozmaganlar:

Aqida bilmagan shaytona eldur,
Agar ming yil amal deb qilsa, yeldur.

Xulosa sifatida shuni alohida ta'kidlash lozimki, keyingi bir necha o‘n yillar mobaynida Islom ummati o‘rtasida fitna va buzg‘unchilik urug‘larini sepishga harakat qilgan “Al-hijra vat-takfir” kabi firqalarning «darg‘a»lari o‘zlarining bu fikrlari Ahli sunna val jamoa fikriy yo‘nalishiga aslo to‘g‘ri kelmaganini e'tirof etib, bu xato fikrlaridan qaytganlarini e'lon qilishdi. Ularning musulmon kishini «kofir»ga chiqarish, u yashayotgan jamiyatni “johiliyat”ga nisbat berish haqiqatan Islomning barhayot ta'limotlariga xilof ekanini kech bo‘lsada oxiri tan olishlari va buni barchaga ma'lum qilishlari, o‘ylaymizki, ushbu xato g‘oya va fikrlarning izdoshlariga ham to‘laligicha taalluqlidir. Shunday bo‘lgach, hozirgi holatimizni johiliyat davriga tenglab, unga jihod qilish farz deb «fatvo» chiqarayotgan kimsalar bu qilmishlari bilan Islom ummatiga orasiga fitna solishayotgani, Islom birdamligiga putur yetkazishayotganini, musulmonlar tinchligi va osoyishtaligini buzib, fasodga yo‘l qo‘yishayotganini bir o‘ylab ko‘rishsa, yomon bo‘lmas edi.

Muallif: Aydarbek TULePOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Manba: Mehrob.uz

Ko‘proq yangiliklar: