Chempion-2016. Bekobod shamoli Braziliyada esdi

Jamiyat 18:01 / 26.08.2016 36704

Bloger Behzod Qobulov o‘z blogida Rio-2016 qahramonlaridan biri, bekobodlik bokschi Fazliddin G‘oibnazarovning xonadonidan uyushtirilgan reportajni taqdim etdi.

Quyida post muallif roziligi bilan qayta nashr etilgan.

Bekobod shamoli Braziliyada esdi

Fazliddin G‘oyibnazarovning oltin medal olgani haqidagi xushxabar bir zumda yurtimiz bo‘ylab yoyildi. Bozor-u guzarlarda o‘zgacha surur, ishtiyoq, ko‘tarinki ruh paydo bo‘ldi. "Ko‘rdingmi, mana bundoq qilib tushirdi!" deydi zavqqa to‘lgan bobolar bir-biriga.

Yo‘ldagi o‘ylar

Bekobod farzandi Fazliddin G‘oyibnazarov Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining boks bo‘yicha vazni 64 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi hal qiluvchi bahsda ozarbayjonlik Lorenzo Kollazo Sotamayorni mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi va chempionatning oltin medali bilan taqdirlandi.

G‘olib sportchi sharafiga vatan bayrog‘i ko‘tarilib, madhiya yangraganda, uning ko‘zlaridan oqqan quvonch yoshlari nafaqat bekobodliklarni, balki butun o‘zbek xalqini hayajonga soldi. Zero, Olim­piada o‘yinlaridek nufuzli musobaqada besh jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozonishning o‘zi bo‘lmaydi. Buni sport bilan shug‘ullanganlar yaxshi biladi.

2015 yilning 6-15 oktabr kunlari Qatarning Doha shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan XVIII Jahon chempionatida kumush medal bilan taqdirlanib, yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritgan viloyatimiz vakili Fazliddin G‘oyibnazarov muxbirimizga bergan intervyusida Rio Olimpiadasidan albatta medal bilan qaytishini aytgan edi. Mard va jasoratli o‘g‘lon o‘z so‘zining ustidan chiqdi. U nafaqat medal bilan, balki boks tarixiga o‘zining, Vatanimizning nomini zarhal harflar bilan yozib qaytdi.

Shunday o‘ylar og‘ushida, obod manzillar, so‘lim bog‘-rog‘lar oralab Bekobod shahriga yetib keldik. Yo‘lda uchragan dastlabki kishidan so‘raymiz: "Chempionni uyi qaysi tomonda?". "Boravering, to‘g‘ri ketayapsizlar, o‘sha tomonda" deydi yo‘lovchi mamnun kulimsirab. Voqean, uning shu bir og‘iz so‘zi dilga yana ajib bir cho‘g‘ tashladi. "Ha, eng to‘g‘ri yo‘l – Vatanga sharaf keltiradigan yo‘l", deb o‘yladik.

Uyda yangi mehmon, 
Rioda oltin medal...

"Metallurg" mahallasi gavjum. Ko‘chada karnay-surnay sadolari yangr­ab turibdi. El o‘z o‘g‘lining ulug‘ g‘alabasidan sarmast, hamma bir-birini tabriklaydi. Shu tobda yetti-sakkiz yoshlardagi bolakay boshqalarga gurung berib turganiga ko‘zimiz tushdi. "Fazliddin akam, So‘tamayorni shunnay bir urdi, og‘onab ketay dedi", deya zavq bilan gap berib turgan yigitcha Fazliddinning kenja ukasi Zaynobiddin ekan. Xonadon ahllari bilan ko‘rishdik.

– Farzandim mustaqillik tengdoshi, – deydi chempionning otasi Hasanboy G‘oyibnazarov. – U mamlakatimiz istiqlolining 25 yilligi arafasida o‘zining 25 yoshini qarshi oldi va yuksak natijasini eng ulug‘ va eng aziz bayramimizga munosib sovg‘a bo‘l­ganligini aytdi. Men bundan g‘oyatda faxrlandim. Zero, farzandlarimiz sport va boshqa sohalarda mustaqilligimiz sharofati, Prezidentimiz tomonidan yaratib berilayotgan yuksak e'tibor va sharoitlar tufayli mana shunday yuqori cho‘qqilarni zabt etib kelmoqdalar. Fazliddinning bu yutug‘i butun o‘zbek o‘g‘lonlarining g‘alabasidir.

Chempionimiz hali Braziliyada ekanida farzandli bo‘libdi. Shunday qilib, Olim­piada chempioni Fazliddin G‘oyibnazarovni uyida endigina dunyo­ga nazar tashlayotgan qizaloq – Hadichabonu ham kutib turibdi. Ha, omad ham, baxt ham qo‘shaloq keladi, deb shuni aytadilar.

Vaqt choshgohdan o‘tgan mahali yana odamlar jonlandi, karnay-surnay sadolari ostida o‘yin-kulgi avj pardalarga ko‘tarila boshladi.
Chempion xonadoniga bir guruh faollar hamrohligida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi I. Ergashxodjayev kelib, oilani, mahalla ahlini ushbu ulkan g‘alaba bilan samimiy qutladi.

«... ustozingdan ayrilma»
Boks bo‘yicha ilk saboqlarni "O‘zbekiston metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiya­ti qoshidagi sport maktabida tajribali murabbiy Abror Tursunpo‘latovdan olgan Fazliddin 10 yoshidan boshlab sportning shu turi bilan muntazam shug‘ullanib keladi. Iste'dodli sportchining erishgan muvaffaqiyatlari ham salmoqli. O‘z vazn toifasida to‘rt karra O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempionati va Jahon yoshlar universiada o‘yinlari kumush medali sovrindori. Bundan to‘rt yil oldin Ozarbayjonning Baku shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatining kumush medali sohibi, yana qator nufuzli xal­qaro musobaqalar g‘olibi. Ana endi ushbu ro‘yxatga Olim­piada o‘yinlari g‘olibi, degan sharafli satrlar ham qo‘shildi.

– Men Fazliddinni juda yaxshi bilaman, – deydi "O‘zmetkombinat" aksiyadorlik jamiyatiga qarashli sport maktabi murabbiysi, chempionning ilk ustozi Abror Tursunpo‘latov. – Qo‘­limga kelgan dastlabki kundanoq uning tirish­qoqligini, o‘ziga xos iste'dodga egaligini his etganman. Shu kundan boshlab unga sen kelajakda chempion bo‘lasan, deb uqtirib keldim. Hayotda kamsuqum, kamtarin bo‘lgan Fazliddin ringda har qanday raqibiga munosib javob bera oladi. Maktabimiz o‘quvchisining chempion bo‘lganidan behad mamnunmiz.

Fazliddin ta'lim olgan maktabdamiz. Shahar markazida joylashgan mazkur 16-umumta'lim maktabi nafaqat viloyatimiz, respublikamizda ham o‘z o‘rniga, nufuziga ega ta'lim maskanlaridan biridir. Shinam, orasta, yangi o‘quv yiliga shay maskanga kirarkanmiz, yana bir ajoyib gurungning ustidan chiqdik. Ma'lum bo‘lishicha, uzoq-yaqindan kelganlar chempionning ilk ustozini o‘rtaga olib, savollarga ko‘mib tashla±tgan ekanlar. Savol berguvchilarga nazokat va kamtarinlik bilan javob yo‘llayotgan muallima – Fazliddinning ilk ustozi Munavvar Tursunova bo‘ladi. Biz ham ustozning so‘zlariga quloq tutamiz.

– Fazliddinim oltin medal olgan kechada uxlayolmadim. Tongga qadar uning bolalik yillari, sho‘x-shodon damlarini eslab o‘tirdim. El-yurt hurmatiga sazovor bo‘lib turgan bunday pahlavonni tarbiyalashga kamtarona xizmatlarim singgan ekan, bundan boshim ko‘kka yetdi. U yoshligidanoq bir so‘zli, mard va oriyat­li bola edi.
Muallima so‘zlar, shu asnoda ko‘zlaridan sevinch yoshlari quyilar, yuzlarida ajib bir mehr, samimiyat aks etib turardi. Bunday hayajonli damlarni faqat ko‘rish, hayrat va havas bilan tomosha qilish mumkin. Uni qog‘ozga tushirib bo‘l­maydi...

Final...
Darvoqe, final kechasi G‘oyibnazarovlar xonadoni yaqinlari, mahalladoshlar bilan liq to‘ldi. Yig‘ilganlarning barchasi televizor or­qali bokschimizning final uchrashuvini tomosha qilib, unga muvaffaqiyat tilab o‘tirishdi. Sportchining nufuzli musobaqada erishgan ulkan muvaffaqiyati munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuv ham shahar jamoatchiligining katta tantanasiga aylanib ketdi. Shahar va viloyat hokimlari, "O‘zmet­kombinat" aksiya­dorlik jamiyati rahbariyati, jamoat tashkilotlarining rahbarlari chempionning ota-onasini yuksak g‘alaba bilan qutlashdi.

Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodni barkamol qilib tar­biya­lashga qaratilayotgan e'tibor Fazliddin singari iste'dodlar timsolida yaqqol namoyon bo‘layotgani ta'kidlandi. Viloyatimizning yana bir polvon yigiti – yunon-rum kurashi bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, Rio-2016 Olimpiada o‘yinlarida 59 kilogrammgacha vazn toifasida ishtirok etgan Elmurod Tasmurodov 15 avgustga o‘tar kechasi O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasiga to‘r­tinchi bronza medalini taqdim qilgan edi. O‘shanda bu natijaning qadr-qimmatini bilgan, yurakdan o‘tkazib turgan polvon otalarimiz, ori baland­ ham­yurtlarimiz quvonchdan silkinib-silkinib yig‘ladilar. "Rahmat, senga polvon ukam, yurt orini polvonlar ko‘taradi, orimizni ko‘tarding, azamat", deya faxr-iftixorga cho‘mdilar.

O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangramoqda. Butun arena o‘rindiqlarini egallab turgan dunyo mamlakatlari vakillari o‘rnidan turib balandga ko‘tarilib borayotgan bayrog‘imizga havas bilan boqmoqda. Shohsupaning eng yuqo­risida turgan o‘zbek o‘g‘loni quvonch yoshlari bilan unga jo‘r bo‘lmoqda. Bu katta sharaf, katta baxt va faxr. Niyatimiz bundan buyon ham madhiyamiz dunyo bo‘ylab baralla taralaversin, bayrog‘imiz bundanda baland ko‘tarilaversin. Fazliddin singari o‘zbek o‘g‘lonlari yurtimiz dovrug‘ini olamga tarataversin.

Behzod Qobulov,
Yulduzxon Muhiddinova,
Mansur Naxalov (suratlar).
"Toshkent haqiqati" gazetasi,
2016 yil, 24 avgust.

Fazliddinning opasi va ukalari 

Bekobod. 22 avgust.  F.G‘oyibnazarov ulg‘aygan xonadon. Oila a'zolari beqiyos g‘alabadan sarmast, muzaffar o‘g‘lonni kutishmoqda

Ko‘proq yangiliklar: