AQSh Rossiyadan uchib kelayotgan qushlarga qiziqib qoldi

Jamiyat 00:20 / 24.08.2016 22840

AQShning tabiatni muhofaza qilish jamiyati rossiyalik zoologlar bilan hamkorlikda loyxo‘raklarning ko‘chish davomidagi to‘xtash joylarini aniqlashdi. Bu hududlar 7,5 ming kilometrlik masofani bosib o‘tuvchi ko‘chmanchi qushlar uchun muhim ahamiyatga ega. Tadqiqot natijalari Wader Studies jurnalida chop etildi.

Chukotka va Alyaskada qo‘nim topuvchi Arktika loyxo‘raklarining hayoti uzoq masofalarga uchishda yemish topish mumkin bo‘lgan qirg‘oq joylarga bog‘liq. Biroq bunday joylar inson faoliyati tufayli xavf ostida, buning natijasida qushlarning soni kamayib boradi. Shu tariqa bu qushlarning ba'zi turlari yo‘qolish xavfi ostida qolmoqda. 

Olimlarning xalqaro guruhi Chukotka va Alyaskadagi qushlarning joylashish zichligini o‘rganib chiqib, ularning ko‘payishiga ta'sir etuvchi omillarni aniqladi. Bundan tashqari, olimlar loyxo‘raklarning migratsiya yo‘nalishlari, qishlash joylari va muddatiga oid ma'lumotlar to‘plashdi. Zoologlar shu maqsadda ularning panjalariga kichik geolokatorlar o‘rnatib qo‘yishdi. 

To‘rt yil davomida yig‘ilgan ma'lumotlar qushlarning Xitoy, Janubiy Koreya va Vetnamda qishlashidan darak berdi. Oraliq to‘xtash joylari – Saxalin oroli va Sariq dengizning qirg‘oq joylari ekanligi ma'lum bo‘ldi. 

Tadqiqot natijalari yo‘qolish xavfi ostida bo‘lgan qushlarni saqlab qolish bo‘yicha choralar ko‘rishda yordam beradi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: