Rossiya doping-mojaro sabab Olimpiadaning qancha medalidan quruq qolgani hisoblab chiqildi

Sport 10:19 / 23.08.2016 15158

AQShning Fox News telekanali doping mojarosi bo‘lmaganida Rossiya termasiga qo‘shimcha medallarni olib keluvchi rossiyalik sportchilar ro‘yxatini tuzib chiqdi. 

Xususan, langarcho‘pda sakrash bo‘yicha ikki karra Olimpiya chempioni Yelena Isinbayeva medal olishi aniq edi. Fox News o‘z fikriga, sportning ushbu turida Rio-2016 oltin medaliga sazovor bo‘lgan grek sportchisi Yekaterini Stefanidining natijasini asos qilmoqda. U, 4,85 metrlik natija bilan shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy egalladi. Rossiyalik yengil atletikachi esa, bu yilgi jahon chempionatida undan besh santimetr balandroq natijani ko‘rsatgan. 

Sprinter Sergey Shubenkov ham Rio Olimpiadasi medalini qo‘lga kiritishi mumkin edi. Uning Pekin musobaqalarida ko‘rsatgan natijasi 12,98 soniya bo‘lgan. Rioda oltin medalni qo‘lga kiritgan yamaykalik sportchi Umar Makleod 13,05 soniyani qayd etdi. 

Bundan tashqari, Mariya Kuchinaga ham Olimpiadada ishtirok etishiga ruxsat berilganida oltin medal sohibiga aylanish ehtimoli yo‘q emas edi. U, iyul oyida 2 metr balandlikka sakragan bo‘lsa, yangi Olimpiya chempioni ispaniyalik Rut Beytia 1,97 metrga sakrab, oltin medalni qo‘lga kiritdi. 

Shu bilan birga, og‘ir atletika bo‘yicha jahonning to‘rt karra chempioni Tatyana Kashirina, Londonda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan baydarkachi Aleksandr Dyachenko hamda sportcha yurish mutaxassisi Yelena Lashmanovalar ham Rossiya termasiga oltin medal olib berishi mumkin edi. 

Shunga qaramay, Rossiya termasi qisqartirilgan tarkibda ham yomon natija ko‘rsatmadi va umumjamoa hisobida 19ta oltin, 17ta kumush, 19ta bronza medal bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi. 
 

Ko‘proq yangiliklar: