Lola Karimova-Tillyayeva o‘zbekistonlik polvonlarni g‘alaba bilan tabrikladi

Sport 16:48 / 23.08.2016 49036

O‘zbekistonlik polvonlar Hongkongda o‘tkazilgan tosh ko‘tarish va bahodirlar o‘yinlarida g‘alaba qozonishdi. “Sen yolg‘iz emassan” xayriya jamg‘armasi raisi, O‘zbekistonning YuNeSKOdagi doimiy vakili, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasining prezidenti Lola Karimova-Tillyayeva O‘zbekiston sharafini himoya qilib, oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritgan Sergey Trubitsin va Hamza Primovning suratini ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasiga joylashtirib, ularni g‘alaba bilan qutladi hamda bu yutuq u va oila uchun juda qadrli ekanini alohida e'tirof etdi.

Osiyoda ilk marotaba tashkil etilgan mazkur musobaqalarning «Arnold Strongman Classic» bellashuvlarida Avstraliya, AQSh, Buyuk Britaniya, Hongkong, Irlandiya, Malayziya, Singapur, Tailand, Filippin, Xitoy va o‘zbekistonlik sportchilar eng kuchli polvon nomi uchun kurash olib borishgan.

Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, o‘zbekistonlik polvonlar eng og‘ir – 105 kg vazndan yuqori bo‘lgan sportchilar toifasida qatnashdi va barcha bosqichlarda eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishib, raqiblarini ortda qoldirishdi.

“Instagramdagi postlarimdan birida mazkur sport turini O‘zbekistonda rivojlantirish yo‘lida turmush o‘rtog‘im Timur Tillyayev tomonidan amalga oshirib kelayotgan sa'y-harakatlar xususida to‘xtalib o‘tgan edim. Shu sababdan ham polvonlarimiz g‘alabasi biz uchun juda qadrlidir.

Sportchilarimizni chin dildan g‘alaba bilan qutlayman va kelajakdagi musobaqalarda ham ularga ulkan zafarlar tilab qolaman!”, deyiladi Lola Karimova-Tillyayevaning postida.

Ko‘proq yangiliklar: