Xitoyning Gansu provinsiyasida 1,2 milliard dollarlik avtotrassa quriladi

Jahon 12:10 / 19.08.2016 5320

XXRning Taraqqiyot va islohotlar milliy komissiyasi (NDRC) Gansu provinsiyasida 7,93 milliard yuanlik (1,19 milliard AQSh dollari) yangi avtotrassa qurilish loyihasini tasdiqladi. 

Komissiya saytidagi xabarga ko‘ra, 124 kilometrlik avtomobil yo‘li qurilish loyihasi tasdiqlangan. U bir necha shahar va tumanlarni Lanchjoudagi Chjunchuan xalqaro aeroporti bilan birlashtiradi. Yangi avtotrassa yangi Ipak yo‘li strategiyasini amalga oshirishda yordam berishi ta'kidlanmoqda. Qurilishning qachon boshlanishiga doir ma'lumotlar berilmadi.

Iyun oyida komissiya Tyanshuy va Pinlyan shaharlarini birlashtiruvchi 172 kilometr uzunlikdagi yo‘l loyihasini tasdiqladi. Investitsiyalar 3,47 milliard dollarga baholanmoqda. 

May oyining oxirlarida Xitoy Xalqaro radiosi (CRI) XXR hukumati yaqin uch yil davomida transport infratuzilmasi qurilishi loyihalarining amalga oshirilishiga 4,7 trillion yuan (taxminan 725 milliard dollar) investitsiya qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. 

Bu vaqt ichida 300dan ortiq loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Aksariyatining maqsadi - mamlakatning uzoq va nochor hududlarida transport tizimini rivojlantirish. Asosan avtomobil va temir yo‘llar qurilishi loyihalarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. 

Xitoy hukumatining taqdim etgan hisobotiga ko‘ra, 2016 yilda temir yo‘llar qurilishiga yo‘naltirilgan investitsiyalar 800 milliard yuandan ortiqni (121 milliard dollar) tashkil qiladi. Transport infratuzilmasiga yo‘naltirilgan umumiy investitsiyalar esa bu yil 2,45 trillion yuanni (taxminan 377 milliard dollar) tashkil qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: