NASA Marsda ishlay oladigan robot ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e'lon qildi

Fan-texnika 11:30 / 17.08.2016 5615

AQShning fazoviy agentligi NASA insonlarga Mars sayyorasini o‘zlashtirishda yordam beruvchi robotni yaratish bo‘yicha tanlov boshlanganini e'lon qildi. Bundan tashqari, u Yerdagi xavfli sharoitlarda foydalanish mumkin. Tanlovning mukofot jamg‘armasi 1 mln dollarni tashkil etadi. 

"Aloqa uzilishlari sharoitida aniq ishlay oladigan va boshqarishga qulay robot texnikasi fazoviy parvoz hamda Mars yuzasidagi missiyalarda qo‘l keladi. Shunga ko‘ra, undan fazogirlarimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan har qanday xavfli hududlarda foydalanish mumkin bo‘lsin", — degan NASA vakili Monsi Roman.

Dasturchilar musobaqasi onlayn tarzda bo‘lib o‘tadi. Har bir jamoadan  "Mars qum bo‘roni"ga qarshi kurashish talab etiladi : robot Yer bilan aloqa o‘rnatishi, turarjoyda paydo bo‘lgan teshikni yamashi yoki quyosh batareyasini tuzatishi lozim. 

Ta'kidlanishicha, dasturchilar robot ishlab chiqishlari shart emas. NASA ularning oldiga qo‘yilgan vazifani virtual Robonavt 5 (Robonaut 5 (R5) negizida bajarishni taklif etadi. Robotning elastikligi, unga uzoq sayyoralarning past haroratlari va g‘adir-budur sathida ishlash imkonini beradi. 

Tanlovda ishtirok etuvchilarni ro‘yxatga olish jarayoni 16-avgustdan boshlangan. Sentyabr oyi o‘rtasidan noyabr oyi o‘rtasigacha tanlovning birinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Uning g‘oliblari dekabr oyida e'lon qilinadi. Tanlovning final bosqichi 2017-yil iyunida bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: