Klintonning prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi qaysi kompaniyalarga foyda keltiradi?

Jahon 17:38 / 31.07.2016 10068

Milliy demokratik konvensiya Hillari Klintonni AQSh prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatdi. Mamlakat tarixida birinchi marta ayol kishini eng katta partiya qo‘llab-quvvatlamoqda va joriy yilning kuz oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda u Amerikaning ilk ayol prezidenti bo‘lishga harakat qiladi.

Endi Klintonning mavqei rasman tasdiqlangandan keyin uning qarashlari va iqtisodiy platformasi yetakchi o‘rinni egallaydi. Xo‘sh, demokratlar partiyasi yetakchisining xo‘jalik, soliq va moliya siyosatidan qaysi kompaniyalar foyda ko‘rishadi? Bu javobga hech kim aniq javob bera olmaydi, lekin biroz fikr yuritilsa, quyidagi kompaniyalarning bunday vaziyatda omadi chopishini anglash qiyin emas:

 

Textron

Klinton va Trampning nuqtai nazari ko‘p hollarda to‘g‘ri kelmaydi, biroq mamlakatning mudofaa salohiyatini o‘stirish zarurligi masalasida ular bir xil fikrlashadi.

Textron kompaniyasi harbiy va fuqarolik maqsadida foydalaniladigan yerusti va havo transportini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, u ko‘plab komponentlarni ishlab chiqaradi. Hammasi bir bo‘lib, harbiylarning keng ko‘lamli logistik ehtiyojlariga javob beruvchi ajoyib mahsulotlar majmuini tashkil etadi.

 

Aecom

Aecom haqida hech eshitganmisiz? Aksariyat kishilar bu kompaniya to‘g‘risida bilishmaydi va bu tabiiy hol.

Aecom — asosan infratuzilma loyihalari bilan shug‘ullanuvchi qurilish kompaniyasi. Federal hukumat uning eng yirik mijozlaridan biri hisoblanadi, Hillari Klinton prezident etib saylanganidan keyin esa buyurtmalar yanada ko‘payadi - uning saylovoldi platformasi Amerika uchun zarur bo‘lgan yo‘llar, ko‘priklar va kommunal xizmatlar modernizatsiyasiga asoslangan.

Fikrlash uchun ma'lumot: Klinton AQSh infratuzilmasi rivoji uchun 275 milliard dollar ajratishni va'da qilmoqda. Bu Amerika tarixidagi eng yirik infratuzilma loyihasi bo‘ladi. Aecom bundan faqat daromad ko‘radi. Kompaniya nafaqat yo‘llar, shosse va tunnellarni qayta ta'mirlash bilan shug‘ullanadi, balki bulardan boshqa katta loyihalarda ham ishtirok etadi.

 

Community Health Systems

Donald Tramp va Hillari Klintonning mamlakat mudofaasi masalasida fikrlari bir joydan chiqqan bo‘lsa-da, ularning sog‘liqni saqlash sohasida federal hukumatning roliga bo‘lgan munosabatlari keskin farq qiladi. Tramp Obamacare nomi bilan tanilgan AQShning Sog‘liqni saqlash islohoti to‘g‘risidagi qonunni bekor qilmoqchi. Klinton esa sug‘urtalangan shaxslar sonini ko‘paytirish tarafdori. Sog‘liqni saqlash tizimi tomonidan sug‘urtalanish imkoni bo‘lmagan 30 million aholi nihoyat sug‘urtalanish huquqini qo‘lga kiritadi.

 

First Solar

Barak Obama Amerikani qazib olinadigan energiya manbalaridan qayta tiklanadigan va ekologik toza manbalarga o‘tkazishga harakat qilgan. Uning prezident lavozimida faoliyat ko‘rsatgan davrida elektr energiyasida ko‘mirning ulushi 48 foizdan (2008 yildan) 33 foizga (2015 yilgacha) pasaydi. Qayta tiklanuvchi manbalar esa - aksincha, mamlakatdagi 7 foiz elektr energiyasi uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga oldi (taqqoslash uchun 2008 yilda bu ko‘rsatkich 3,5 foizdan iborat bo‘lgan).

O‘z navbatida, Hillari Klinton ham ekologiyaga minimal ta'sir o‘tkazish tarafdori. U ko‘proq quyosh energiyasini faollashtirmoqchi. Klinton prezident bo‘lsa, bu quyosh panellarini ishlab chiqaruvchilarni quvontiradi. U 2020 yilga borib, ularning sonini 500 millionga chiqarishga va'da berdi, bu esa hozirgi holatdan 7 barobar ko‘p, demakdir. Boshqacha qilib aytganda, u g‘alaba qozonsa, quyosh panellarining yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblangan First Solar korporatsiyasi katta foyda ko‘radi.

 

Procter & Gamble

Ba'zilar iste'molchi mahsulotlarga doim investitsiya qilish mumkin, deb aytishi mumkin, axir odamlar doim yeb-ichishadi va yuvinishadi. Biroq Procter & Gamble kabi yirik sektor vakillari Klintonning g‘alabasidan foyda ko‘rishi muqarrar, bu dollarning kursiga bog‘liq. Ekspertlarning izohlashicha, ikki nomzodning orasidan Klinton dollarni kamroq himoya qiladi. Hozirda Amerika valyutasi eksportchilar uchun juda yuqori hisoblanadi. Shuningdek Klinton erkin savdoni yoqlaydi. Dollarning kuchi Procter & Gamble uchun doim bosh og‘riq bo‘lib kelgan; kompaniya daromadining 60 foizi xorijga to‘g‘ri keladi. Agar dollar kursi bu qadar baland bo‘lmaganida, kompaniyaning daromadi sezilarli ravishda o‘sayotgan bo‘lar edi.

 

Smith & Wesson

Bu hazil emas - hattoki qurol olib yurishga qarshi chiquvchi Klinton g‘alaba qozongan taqdirda ham Smith & Wesson aksiyalarini xarid qilish kerak. Biroq bitim vaqt tomonidan cheklangan. Demokratlar nomzodi qurol olib yurish haqidagi qonunga o‘zgartirish kiritishi mumkin. Bu uni sotib olishni qiyinlashtiradi. Uning tvitterdagi yozuvi ko‘p narsadan dalolat beradi: "Agar Kongress qurolli tajovuzkorlik epidemiyasini to‘xtatmasa, men bunga nisbatan ma'muriy choralar ko‘raman". Bu gaplardan Klintonning bu ishga jiddiy kirishganini anglash qiyin emas. Shu bois saylovgacha qurol xarid qilishni istaganlar buni tezroq amalga oshirishga harakat qilishadi. Oldindagi bir necha oy yoki yil Smith & Wesson uchun qo‘l kelishi ehtimoli katta. Biroq Klinton bilan Smith & Wesson'ning daromadli onlari uzoqqa cho‘zilmasligi aniq.

 

Akorn

O‘tgan yilning 21 sentabrida Klinton Twitter'da shunday yozuv qoldirgan: "Dori-darmon preparatlarining bunday keskin o‘sishi aqlga sig‘maydi. Ertaga men bu bilan kurashga kirishaman". Uning so‘zlari butun biotexnologiya sohasi xodimlarini hushyorlikka chaqirdi - Klinton prezident bo‘lgan taqdirda, dori preparatlarining oqlanmagan yuqori narxlar davriga nuqta qo‘yilishi mumkin. O‘shandan beri oddiy tvit butun boshli rejaga aylangan. Unga ko‘ra, sog‘liqni saqlash dasturi doirasida qimmatbaho dorilar sotib olish o‘rniga imkon qadar ularning arzon o‘rindoshlari xarid qilinadi. Bu esa Akorn'ga omad olib kelishi shubhasiz.

 

 Wal-Mart

Oq uyning siyosati Wal-Mart Stores'ning chakana savdosiga qanday ta'sir ko‘rsatishi mumkin dersiz? Aslida buning bir necha yo‘li bor. Ulardan biri - maoshlarni oshirish istiqboli. Ish haqining minimal hajmini oshirish uchun harakatlar hozirdanoq boshlangan, Klintonning g‘alabasidan keyin bu harakatlar yanada kuchayadi. Demokratlar nomzodi eng kam ish haqini soatiga 12 dollargacha ko‘tarishni rejalashtirgan. Shunday bo‘lgan taqdirda, 35 million amerikalikning maoshi 40-50 foizga ko‘payadi. Avval bunday imkoniyati bo‘lmagan kishilar Wal-Mart'dan xarid qilish imkoniga ega bo‘lishadi. Wal-Mart aksiyalarini sotib olishning yana bir muhim sababi: Klinton hech qachon Amerika kompaniyalarini inqirozga olib keladigan savdo bitimlarini tuzmaydi. Wal-Mart uchun esa bu muhim ahamiyat kasb etadi.

Ko‘proq yangiliklar: