120 ming venesuelalik oziq-ovqat va dori-darmon sotib olish uchun Kolumbiyaga borib qaytdi

Jahon 10:32 / 18.07.2016 7691

O‘tgan dam olish kunlari Venesuelaning 120 ming fuqarosi oziq-ovqat va dori-darmon olish uchun qo‘shni Kolumbiyada bo‘lib qaytdi. Kolumbiya TIV ma'lum qilishicha, bu jarayonda hech qanday ko‘ngilsizliklar sodir bo‘lmagan. Bu haqida TASS xabar beradi. 

“O‘tgan yakshanba kuni 88,68 ming nafar venesuelalik Kolumbiya yaratgan imkoniyatdan foydalanib, Norte-de-Santander va Arauka departamentida eng zarur mahsulotlarni qo‘lga kiritish uchun mamlakat hududini tark etgan”, - deya ma'lum qilingan Kolumbiya tashqi ishlar vazirligida. O‘tgan shanba kuni esa 35 ming kishi chegarani kesib o‘tgan. 

So‘nggi bir necha yil davomida Venesuela murakkab iqtisodiy va moliyaviy inqirozni boshdan kechirmoqda, oxirgi ikki yilda esa mamlakatning asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan neft narxining tushishi natijasida ushbu vaziyat yanada og‘irlashdi. Joriy yilning may-iyun oylarida oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon tanqisligi shu darajaga yetdiki, mamlakatdagi yuzaga kelgan holatdan norozi fuqarolar huquq-tartibot organlari bilan to‘qnashuvlargacha borishdi. 

Prezident Nikolas Maduroning siyosiy raqiblari nazorati ostida bo‘lgan Venesuela milliy assambleyasi (parlament) joriy yilning fevral oyida oziq-ovqat sohasida favqulodda vaziyat yuzaga kelganligini e'lon qilgan. Deputatlarning fikricha, hukumatning noto‘g‘ri harakatlari tufayli mamlakat “gumanitar inqiroz”ga to‘qnash kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: