Yarim asrdan so‘ng Clip-Air samolyot-poyezdlari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi

Fan-texnika 19:39 / 12.07.2016 20408

Bir vaqtning o‘zida ham samolyot, ham poyezd bo‘lgan qurilmani ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring! Uchta "vagon"-salon transport vositasining aviatsion qismiga biriktirilgan, lekin uni kerak paytda undan ajratish hamda temiryo‘l vagonlari sifatida ishlatish mumkin. Agar shunday mo‘'jizaviy transport turi yaratilsa, yo‘lovchilar aeroportdan shahargacha yurishlariga hojat qolmaydi, ajoyib transport turi ularni manzillariga eltib qo‘yadi. 2015 yilning bahorida yapon poyezdi tezlikning o‘ta yuqori darajasini namoyish etib, rekord natijani qayd etgan va yerda harakatlanuvchi zamonaviy transport turlarining naqadar tezkorligini ko‘rsatgan. 

Yarim asrdan so‘ng paydo bo‘lish ehtimoli bo‘lgan bunday misli ko‘rilmagan transport turi haqida theverge.com resursida maqola chop etildi. 

Clip-Air nomi ostidagi bunday yangi loyiha shveysariyalik tadqiqotchilar konsorsiumi tomonidan taqdim etildi. Clip-Air aslida 4 qismdan iborat modul samolyoti hisoblanadi. Ulardan uchtasi sayyohlarni tashuvchi salon yoki yuk va yonilg‘ilar tashiladigan kapsula bo‘lishi kutilmoqda.

Transport vositasining to‘rtinchi qismini kabina va dvigateldan iborat samolyotning o‘zi tashkil qiladi. Bu samolyot ko‘rinishidan juda salobatli bo‘lishi aniq. Kapsulalarni samolyotdan ajratib, sayohatni temiryo‘l bo‘ylab davom ettirish mumkin. 

Ishlab chiqaruvchining saytida bunday transport turini 40 yoki 50 yil o‘tibgina yo‘lga qo‘yishni boshlash mumkinligi ta'kidlangan. 

Bu yerda gap transport turlarini takomillashtirishda mavjud texnologiyalardan foydalanishga yangicha qarash imkonini beruvchi fikrlash ko‘lamini kengaytiradigan tadqiqot loyihasi haqida bormoqda.

Konsortsium yaqin 5 yoki 10 yil ichida xususiy samolyot hajmidagi prototipni ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. 10-15 yildan so‘ng 150 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan o‘rta hajmdagi prototip paydo bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Uch kapsulali transport vositasini yaratishga taxminan 50 yil kerak bo‘ladi. 

Ko‘rib turganingizdek, atrofimizdagi hamma narsa takomillashib bormoqda - faqat smartfon va planshetlargina emas, balki transport vositalari ham taraqqiyotga qarab olg‘a ildamlamoqda - haydovchisiz avtobus va mashinalar, samolyot-poyezdlar shular jumlasidandir. Bu ketishda oddiy oshxona ham aqlli bo‘lib ketsa ajab emas!

 

Ko‘proq yangiliklar: