Global Times Xitoy va AQSh o‘rtasida ziddiyat ehtimolidan ogohlantirdi

Jahon 09:52 / 05.07.2016 13155

Xitoy, Janubiy-Xitoy dengizida harbiy to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rishi lozim, deb xabar qilmoqda Reuters agentligi Xitoy kommunistik partiyasi rasmiy gazetasi Global Timesga asoslangan holda. 

Gazeta, BMT xalqaro sudining Janubiy-Xitoy dengizida Filippin va Xitoy o‘rtasidagi tortishuv yuzasidan qaror chiqarishiga bir hafta qolganda, shunday maqolani chop etmoqda. 

Nashrning yozishicha, rasmiy Pekin va Manila o‘rtasidagi hududiy ziddiyat, bu jarayonga AQShning aralashuvi bilan yanada murakkablashgan. Bundan tashqari, Sudning Xitoy suverenitetiga tahdidi sabab, mintaqadagi ziddiyatning yanada keskinlashuvi ehtimoli kuchayib borayapti. 

«Rasmiy Vashington Janubiy-Xitoy dengizida ikki guruh aviatashuvchi kemalarini joylashtirgan: u shunchaki kuchini namoyish etishni va mintaqadagi eng yirik kuch bo‘lgan Xitoyning bo‘ysunishini xohlayapti», — deb yozar ekan, Global Timesning fikricha, Xitoy tahdidlarga barham berish uchun o‘z harbiy imkoniyatlarini kengaytirishi lozim. 

«Garchi, Xitoy yaqin orada harbiy sohada AQSh bilan tenglasha olmasa ham, Amerika Janubiy-Xitoy mojarosiga aralashgudek bo‘lsa, unga qarshi tura oladigan darajaga yetishi kerak», — deb yozadi Global Times. 

Shunga qaramay, nashrning qayd etishicha, Xitoy mintaqadagi ziddiyatlarni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishga umid qiladi. 

Aytish joizki, Xitoy 5-11 iyul kunlari Janubiy-Xitoy dengizida harbiy-o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. 


 

Ko‘proq yangiliklar: