O‘zbekiston Jahon bankining logistika reytingida 11 o‘ringa ko‘tarildi

O‘zbekiston 13:35 / 04.07.2016 33129

O‘zbekiston Jahon bankining LPI indeksi - logistika samaradorligi bo‘yicha reytingida 118-o‘rinni egalladi, bu 2014 yilgi ko‘rsatkichga qaraganda 11 o‘ringa yuqoridir. 

LPI indeksi mahsulotlarni yetkazib berish osonligi va milliy hamda xalqaro darajadagi savdo logistikasining holatini aks ettiradi. U, 6 omilga asosan tuzib chiqiladi: bojxona samaradorligi, infratuzilma sifati, xalqaro tashuvlarni amalga oshirishning soddaligi, logistika qamrovi, yuklarni kuzatish va yetkazib berish muddatiga rioya etish shular jumlasidan. 

Bojxona bo‘yicha O‘zbekiston 114-o‘ringa munosib ko‘rilgan. Infratuzilma borasida – 91-, yuk tashishning soddaligi bo‘yicha –130-, qamrov ko‘rsatkichiga ko‘ra –116-, yuklarni kuzatishda – 143-, muddatga rioya qilish bo‘yicha – 114-o‘rindan joy egallagan.

Sobiq ittifoq mamlakatlari orasida ikki yil ichida eng yuqori natijaga Litva erisha olgan. U avvalgi ko‘rsatkichdan 17 o‘ringa ko‘tarilgan. Armaniston esa, birdaniga 49 o‘rinni boy bergan. Tojikiston ham kuchli pastga tushib, oxirgi o‘nlikdan joy egallagan. 

Jahon banki reytingiga ko‘ra, logistikasi eng rivojlangan davlat sifatida  Germaniya tan olingan. Top-o‘nlikka shuningdek, Lyuksemburg, Shvetsiya, Niderlandiya, Singapur, Belgiya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Honkong va AQSh joylashgan.

Suriya esa, logistika jihatidan eng yomon davlat sifatida qayd etilgan. Undan oldingi o‘rinlarni Haiti, Somali, Mavritaniya, Ekvatorial Gvineyasi, Serra-Leone, Lesoto, Tojikiston, Laos va Zimbabve egallagan.

Umuman, LPI indeksida dunyoning 160 mamlakatiga oid raqamlar keltirilgan. 
 

Ko‘proq yangiliklar: