Messi termada oddiy askar bo‘lib qoldi, Maradona qo‘mondon edi

Sport 11:07 / 28.06.2016 16993

Kechagi tong. Odamlar ishga shoshilayotgan bir payt dunyoning narigi burchagida g‘alati hodisa yuz berdi. Leo Messi Yevro-2016 juda zerikarli o‘tyapti deb o‘ylagan chog‘i, Amerika Kubogi finalidagi penaltilar seriyasida to‘pni shartta qiyshiq tepib qo‘ydi. Qahramonimiz Argentina bilan navbatdagi finalni boy bergach, jurnalistlar oldida termadan ketishini e'lon qildi.

"Qarorim qat'iy, – dedi Leo. – Men terma jamoa bilan birga sovrinlar qo‘lga kiritish uchun rosa harakat qildim, lekin ming afsuski, bo‘lmadi. Men juda kerakli bo‘lgan penaltini ura olmadim, bori shu. Kiyinish xonasida o‘ylab bir qarorga keldim: mening termadagi vaqtim yakuniga yetibdi. Men to‘rtta finalni boy berdim. Biz bugun g‘alaba uchun urindik, men ham tinmadim... Afsuski, hammasi bekor ketdi. Men ketaman, menimcha mana shu barcha uchun to‘g‘ri qaror. Finaldagi mag‘lubiyat bizni qoniqtirmaydi. Men Argentina bilan chempion bo‘lmoqchi edim, lekin o‘xshamadi.".

Hissiyotlar junbishga kelishi? Umidsizlik? Ojizlik? Messi qarorini xohlagancha atashingiz mumkin. Lekin biz yakunda nimaga ega bo‘lganimiz borasida to‘xtalaman: 

Lionel Messi – Di Mariya, Iguain, Maskerano va boshqa superyulduzlar (yana Dibala singari bir nechta yosh yulduzlar ham bor) bilan o‘ynab, doimiy tarzda nufuzli musobaqalarni finaliga chiqib, 29 yoshida hech narsa yuta olmayotgani uchun faoliyatini tugatar ekan. 

31 yoshli - Krishtianu Ronaldu o‘zidan boshqa birorta top-futbolchi bo‘lmagan termada o‘ynaydi. Musobaqalarga jarohati bilan keladi, klubdagi faoliyati bo‘yicha tavakkal qiladi, jamoasi bilan hech qanday sovrin yutib olmasligini bilsa-da Portugaliyani pley-offga tortib olib chiqadi. 

Bilamiz, Messi daho, futbol tarixidagi eng zo‘r o‘yinchi, va hokazo... Lekin, terma jamoadan 29 yoshda ketish? Axir u 2018 yilda ham eng zo‘r futbolchilardan biri bo‘lib qolishini biladiku? O‘zi o‘ynamasa, Argentina termasining biror narsa yutib olish uchun imkoniyatlari o‘n marotaba pasayib ketishini ham sezib turib-a? Ishqibozlar va safdoshlari unga umri davomida kinoyali qarashlarini ham bilgan holda-ya? To‘g‘ri, buyuk futbolchilar o‘zidan boshqasini tan olmaydigan takabbur bo‘lishadi, lekin shaytonga hay, hatto Zlatan o‘zining hech narsaga arzimaydigan Shvetsiyasida 34 yoshgacha o‘ynadi. 

Bilmadim, balki yaqin ikki yil ichida Messi fikridan qaytar (yoki uni homiylari majbur qilishi mumkin) ammo so‘nggi 15-20 yil davomida birorta alohida futbolchi bu darajada ixlosni qaytaradigan ish qilmagan edi. Albatta, Leo o‘zining vatandoshi Maradonadan ko‘ra dahoroq va samarali o‘yin ko‘rsatadi, biroq Diyego Argentina va “Napoli” uchun yakka o‘zi barcha narsani yutib bergandi, Leo esa xuddi maktabdagi o‘smir singari, o‘yindagi to‘pni qo‘liga olib, arazlab ketib qolmoqchi. 

Tasavvur qiling,  2080 yil. O‘zga sayyoraliklar bilan Yerni obro‘sini saqlab qolish uchun o‘tkaziladigan o‘yin. Yerliklarga barcha davrlardagi futbolchilarning faoliyatini eng cho‘qqiga chiqqan paytidagi holati bo‘yicha tarkib tuzish imkoniyati berilgan. Messi, Maradona, Ronaldu, Zidan, Pele, Kroyff, Yashin, Jo Allen, Sako va yana yigirmataga yaqin afsonaviy futbolchilardan iborat terma yig‘iladi. Xo‘sh, sardor kim bo‘ladi? Eng ishonchli o‘yinchi kim?

Ha, juda qiyin tanlov. Lekin, kechagi o‘yindan so‘ng ular orasidan bir futbolchi sardor etib tanlanmasligi aniq. Aniq, judayam aniq...
Messi hali ishqibozlar va o‘z yurti hurmati uchun terma safida o‘ynashi kerak. U hozirgacha termada Maradona singari qo‘mondon emas, oddiy askar rolini bajarib keldi, lekin uning ayni yetilgan payti. Siz nima deysiz?...

Elmurod ERMATOV tarjimasi.

Ko‘proq yangiliklar: