Dunyo shaharlari havosi tobora ifloslanib bormoqda

Jahon 16:57 / 12.05.2016 20584

Dunyo shaharlarida istiqomat qiluvchi 80 foizdan ortiq odamlar ifloslangan havodan nafas oladi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) xabar qildi

Ifloslangan havo muammosidan dunyoning ko‘plab mamlakatlari aziyat chekadi, biroq nochor davlatlarda bu muammo, ayniqsa, keskinlashgan. 

JSST ma'lumotiga ko‘ra, aholisi 100 mingdan ortiq, past va o‘rtacha daromadli davlatlarda joylashgan 98 foiz shaharlar havo sifati bo‘yicha tashkilot standartlariga javob bermaydi. Yuqori daromadli mamlakatlarda bunday shaharlar ko‘rsatkichi 56 foizni tashkil etadi. 

Umuman olganda, JSST ma'lumotlari bo‘yicha, shaharlarda havo holati yomonlashmoqda: 2008 yildan 2013 yilga qadar zararli moddalar konsentratsiyasi 8 foizga oshgan. Eng ifloslangan shaharlar qatorida Dehli, Qohira va Dakka eng avvalgi o‘rinlarni egallagan. Osiyo sharqiy shaharlari hamda O‘rta Yer dengizi sharqiy qirg‘og‘idagi shaharlarda havo ifloslanish darajasi o‘sib bormoqda. 

Yevropa hamda AQSh shaharlarida esa havo holati yaxshi tomonga o‘zgarmoqda. JSST nashr etgan xaritada ko‘pchilik Yevropa va Amerika shaharlari “yashil zona”da joylashgan – ularning atmosferasida zararli moddalar konsentratsiyasi yuqori emas. 

Xitoy hamda Hindistonning aksariyat shaharlari “qizil zona”da joylashgan - ularning atmosferasida zararli moddalar konsentratsiyasi yuqori darajada. 

Havoning ifloslanishi yirik shaharlar aholisi sog‘ligiga jiddiy ziyon yetkazadi. Masalan, yurak, qon-tomir kasalliklari, insult, nafas yo‘llari va o‘pka xastaliklariga chalinish xavfini orttiradi. 

Tashkilot ma'lumotiga ko‘ra, havoning ifloslanishi yirik shaharlar aholisining o‘lim hamda kasalliklarga chalinish holatlarining asosiy sababi bo‘lib qoldi. JSST fikri bo‘yicha, bu muammodan asosan yoshlar, qariyalar va qashshoq aholi ko‘proq aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: