Mirobod tumanidagi “Yangi Mirobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yig‘in raisi va uning maslahatchilari saylovi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 18:25 / 11.05.2016 7245

Poytaxtimizning Mirobod tumanidagi “Yangi Mirobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yig‘in raisi va uning maslahatchilari saylovi bo‘lib o‘tdi. 

Ushbu mahallada ikki mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ishchi guruh 940 saylovchini ro‘yxatga oldi. Mahalla faollari tomonidan fuqarolar yig‘ini raisligiga 2 va rais maslahatchiligiga 20 nomzod tavsiya etildi. 

Ushbu muhim jarayonda mahalla ahli faol ishtirok etdi. Fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari lavozimiga nomzodlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. 

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga nomzodlar Orzigul To‘raboyeva va Malika Beknazarovaning rejalari eshitildi. Nomzodlar dasturida mahalla obodligi, hududda bunyodkorlik ishlarini kuchaytirish, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha takliflar berilgan. 

Nomzod O.To‘raboyeva dasturida hududlarni obodonlashtirish, huquqbuzarliklarning oldini olish, to‘y-marosimlarni ixcham, kamxarj qilib o‘tkazish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish borasidagi vazifalarga alohida e'tibor qaratilganligi mahalla ahliga manzur bo‘ldi.

Yopiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tgan saylovda Orzigul To‘raboyeva “Yangi Mirobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi etib saylandi. Maslahatchilar lavozimiga ko‘rsatilgan yigirma nomzodning o‘n nafari ochiq ovoz berish yo‘li bilan mahalla raisining maslahatchilari etib saylandi. 

– Mahallamiz odamlari ahil, mehr-oqibatli, – deydi O.To‘raboyeva. – Keksalar izzat-hurmatda, yoshlar o‘qish, tadbirkorlik bilan band. Mahallamizdagi ma'naviy muhitni yanada mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va ma'naviy ko‘mak berish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratishni mo‘ljallaganmiz. 

Go‘zal Sattorova, O‘zA    

Ko‘proq yangiliklar: