Britaniyalik ayol ishxonada poshna tufli kiyishdan bosh tortgani uchun bo‘shatildi

Jamiyat 23:47 / 11.05.2016 10760

Londonda yashovchi va PricewaterhouseCoopers (PwC) auditorlik firmasi qabulxonasida kotiba bo‘lib ishlagan Nikola Torpdan ishxonada poshna tufli kiyishdan bosh tortgani uchun o‘z o‘rnini bo‘shatishini so‘rashdi. Bu haqda 11 may kuni The Daily Mirror nashri xabar berdi

Torpning aytishicha, ish vaqtida supervayzer u kamida besh santimetrlik poshna tufli kiyib yurishga majburligini aytgan. Erkak kishilarga tagi yassi poyafzal kiyish mumkinligi sababli bu talabni tahqirlash deb atagan 27 yoshli Torpning e'tirozi ustidan kulishdi. 

Ayolga yaqin oradagi do‘konga yangi tufli olib kelish taklif qilindi, biroq u rad javobini berdi. Shundan keyin undan ish joyini bo‘shatib qo‘yish so‘ralgan. Shuningdek, Torpga ish haqi to‘lanmagan.

Ayol shu voqeadan keyin Parliament.uk saytida ish beruvchilarga xodimalaridan baland poshnalik tufli kiyib yurishni talab qilishni taqiqlashga  chorlovchi arznomani chop etgan. Agar bu taklif 100 ming imzo yig‘sa, u mamlakat parlamentida ko‘rib chiqiladi. Ayni vaqtda Torpning tashabbusi 20 mingdan ko‘proq ovoz yig‘di.  

2015 yil sentabrda musulmon e'tiqodidagi styuardessa Chari Stenli parvoz vaqtida spirtli ichimliklarni buyurtma qiladigan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortgani uchun ExpressJet aviakompaniyasidan bo‘shatib yuborilgan. Ayol AQShning Bandlik va teng imkoniyatlar muammolari bo‘yicha komissiyasiga ish beruvchining tahqirlashi yuzasidan shikoyat arizasi topshirdi hamda buni "hech kim mehnat faoliyati va dindan birortasini tanlamasligi kerakligi" bilan izohlagan.

Ko‘proq yangiliklar: