Kanadadagi yong‘inlar va Saudiyada neft vaziri iste'fosi ortidan Brent narxi  ko‘tarildi

Iqtisodiyot 11:28 / 09.05.2016 6209

9 may kuni Londonning ICE Futures birjasida iyunda yetkazib beriladigan Brent turidagi neft narxi ko‘tarilib, bir barreli uchun 46 dollardan oshgan.

Bloomberg agentligi xabariga ko‘ra, neft narxlarining oshishi Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari kuchayishi fonida ro‘y berdi. Yong‘inlar davom etayotgan Albert viloyatida neft yetkazib berish hajmi kuniga 1 mln barrelga pasaydi. Shuningdek, narxlar oshishiga Saudiya Arabistonida neft vaziri almashtirilgani ham sabab bo‘ldi.

Manbaning ma'lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistonida Ali ibn Ibrohim an-Nuyamiyning o‘rniga kelgan yangi neft vaziri Xolid Al-Falah mamlakatda shahzoda Muhammad ibn Salmonning tarafdori hisoblanadi. Shahzoda esa  iqtisodiyot diversifikatsiyasi, daromad strukturasida neft eksportining ulushini qisqartirish, neftga bog‘liqligi kam bo‘lgan milliy farovonlik jamg‘armasi tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan.

Sidneydagi Fat Prophets Fat tahlilchisi Devid Lennoksning ma'lum qilishicha, neft bozoridagi narxlar Kanadadagi yong‘inlar tufayli yanada ko‘tarilishi mumkin. Ayni vaqtda yong‘inlar Kanadadagi neft yetkazib beruvchi asosiy hududga yaqinlashmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: