Kanadada o‘rmon yong‘inlari tufayli bir shaharning jami aholisi evakuatsiya qilinadi

Jahon 10:36 / 04.05.2016 3811

Kanadaning Albert viloyatidagi Fort-Makmyurrey shahrida yashovchi 60 ming kishi hududda ro‘y berayotgan kuchli o‘rmon yong‘inlari tufayli evakuatsiya qilinishi boshlangan. Bu haqda SVS telekanalida ma'lum qilindi.

Shahar hukumati shahardagi barcha kishilarni olib ketishga ko‘rsatma bergan. 2011 yilgi ma'lumotlarda bu shaharda 61,3 ming kishi yashashi qayd etilgan.

Ayni vaqtdagi holat Albert viloyati tarixidagi shunga o‘xshash ilk vaziyat hisoblanadi. Odamlar shimoldagi Noralta va Grey-Vulf-Lodj shaharchalariga yo‘l olgan. Shahardagi shifoxona to‘liq evakuatsiya qilingan. Xabarda keltirilishicha, yirik yo‘llardan birida tiqilinch yuzaga kelgan. Ko‘plab yo‘llarni politsiyachilar to‘sib qo‘yishgan.

O‘rmon yong‘inlari Fort-Makmyurrey shahri yaqinidagi tumanlarda bir necha turar joy binolarini yo‘q qilgani va shaharga yaqinlashayotgani aytilgan. Hozircha talofatlar haqida aniq ma'lumotlar yo‘q.

Bundan oldinroq, viloyat o‘t o‘chirish xizmati rahbari Darbi Allen yong‘in quruq havo va kuchli shamol tufayli tezlik bilan tarqalayotgani haqida ma'lumot bergandi. Ayni vaqtda yong‘in qamrab olgan hudud 1,8 ming gektarni tashkil qiladi. Fort-Makmyurreyda yong‘inga qarshi o‘t o‘chiruvchilar tayyor turibdi. O‘t o‘chirish ishlariga aviatsiya xizmati ham jalb etilgan.

Fort-Makmyurrey shahri Albert viloyati markazi Edmontdan 485 km shimoli-sharqda joylashgan.

Ko‘proq yangiliklar: