Fransiyada prezidentlik va parlament saylovlari o‘tadigan kunlar ma'lum qilindi

Jahon 19:19 / 04.05.2016 7009

Fransiyada prezidentlik uchun bo‘lib o‘tadigan saylov kuni e'lon qilindi. Birinchi tur ovoz berish 2017 yilning 23 aprelida, ikkinchisi - 7 mayda bo‘lib o‘tadi. Navbatdagi parlament saylovlari esa 2017 yilning 11-18 iyun kunlari davomida o‘tkazilishi belgilangan. Bu haqda 4 may kuni hukumat vakili Stefan Le Fol ma'lum qilgan.

Uning vazirlar kengashidagi hisobot vaqtida qo‘shimcha qilishicha, Senat uchun saylovlar 2017 yilning 24 sentabr kunida o‘tkaziladi.

Ayni vaqtda bir qator siyosatchilar saylovda ishtirok etish istagini rasmiy ravishda e'lon qilgan bo‘lib, ular orasida Milliy front partiyasi yetakchisi Marin Le Pen ham bor. So‘rovlar yakuniga ko‘ra, uning saylovning ikkinchi turiga chiqish imkoniyati katta.

O‘ng markazchilarning “Respublikachilar” partiyasidan nomzodlik uchun Bordo meri Alen Jyuppe va sobiq prezident Nikolya Sarkozi kurash olib oradi. Ularning qay biri partiyadan nomzodi ko‘rsatilishi borasida noyabrda praymeriz bo‘lib o‘tadi.

Hukmron Sotsialistlar partiyasining ichki saylovi dekabrda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Prezident Fransua Olland hozircha rasmiy ravishda o‘z nomzodini kelgusi saylovda qo‘yishni ma'lum qilmagan. Shunga qaramay, kuzatuvchilarning ta'kidlashicha, hozirdanoq ovozlarni yig‘ish kampaniyasi boshlab yuborilgan. Jumladan, 3 mayda Olland Fransiyada Xalq frontiga 80 yil to‘lishi munosabati bilan chiqish qilib, soliqlarni kamaytirish va yil so‘nggiga qadar iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilashga va'da bergan.

Ammo amaldagi prezidentga ayni vaqtdagi imijini yaxshilashi uchun jiddiy ishlashiga to‘g‘ri keladi. Chunki, mart boshidan aprelga qadar o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, Ollandning faoliyatini yoqlovchilar 14 foiz, uning faoliyatidan norozi fransuzlar esa 85 foizni tashkil etishi kuzatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: