Axborot asrida jahon matbuoti erkin...mi?

Jahon 10:33 / 03.05.2016 15289

BMT Bosh Assambleyasining 1993 yil 20 dekabrdagi (№A/DEC/48/432)  rezolyutsiyasiga binoan 1994 yildan boshlab  har yili 3 mayda Jahon matbuot erkinligi kuni (BMTning rasmiy tillarida: ruscha-Vsemirnyy den svobody pechati, inglizcha World Press Freedom Day, ispancha Día Mundial de la Libertad de Prensa, fransuzcha Journée internationale de la liberté de la presse) nishonlanadi. Bu boradagi qaror BMT Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashning tavsiyasiga binoan qabul qilingan. Undan avval esa YuNeSKO Bosh konferensiyasining 26 sessiyasi  3 mayni Jahon matbuot erkinligi kuni sifatida nishonlash kerak degan taklifni ilgshari surgan edi. Bu sananing tanlanishi bekorga emas. 1991 yilning 3 may kuni Namibiyada Afrika matbuotini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tib, unda Deklaratsiya qabul qilingan edi. Ananaga binoan har yili Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan BMT bosh kotibi  murojaat bilan chiqadi.         

Avtoruchka, yozuv mashinkasi, qog‘ozlar, oddiy telefon va xalq tilida magnitofon, radiojurnalistlar tilida repartyor deb ataluvchi texnikalar o‘rnini mobil telefonlari, kompyuter, noutbuk, tsifrli diktafonlar egalladi. Jurnalistlar mehnati ancha yengillashdi. Zamonaviy texnoligiyalar jurnalistikani “tosh asri”dan olib chiqdi va bu sohani butunlay o‘zgartirib yubordi. Biroq OAVning xolis, to‘g‘ri axborot tarqatish borasidagi mas'uliyati o‘sha-o‘shaligicha qolishi kerak edi. Ammo ming afsuski, bunday bo‘lmayapti. Radio va televideniya paydo bo‘lganidan keyin dunyo o‘zgarib ketdi. Internet paydo bo‘lishi bilan esa butunlay o‘zgardi. Informatsiya ozchilikning emas, barchaning mulkiga aylandi.

Ayrim xollarda OAV odamlarga salbiy ta'sir ko‘rsatishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Buni biz dunyoda yuz berayotgan xodisalarning noto‘g‘ri talqin qilingan xolda yoritilayotganidan ko‘rib bilib turibmiz.
“Axborot asri” deb nom olgan hozirgi davrda axborot energiya manbalari, tabiiy boyliklar qatorida strategik resursga aylanmoqda. Mutaxasislar bir ovozdan, axborot taraqqiyotning bosh omiliga aylanganini qayd qilishmoqda. Bu esa axborot makonidan va ommaviy axborot vositalaridan turli kuchlarning siyosiy va geosiyosiy vazifalarni xal qilish uchun “kuch ishlatish yo‘li” bilan emas, balki boshqacha yo‘l bilan foydalanishga imkon beramoqda. Axborotning jamiyat xayotidagi roli mislsiz darajada o‘sishini bashorat qilgan nemis faylasufi Osvald Shpengler XX asr boshlarida “Yevropa inqirozi” asarida yozganidek, bugungi kunda “jahonning ikki yoki uch gazetalari provintsial gazetalarning fikrini va ularning yordamida “xalq irodasinini yo‘naltirib” turibdi. Jurnalistlar ko‘pdan beri qariyib har bir nizoning uchinchi tomoniga aylanib qoldilar. Uning natijalari ko‘p jixatdan OAVning qaysi tomonni qo‘llab-quvvatlashga moyilligiga bog‘liq. Olimlar urushga munosabatning o‘zgarganini aytishar ekan, qurolning yangi turi kashf qilinganligini ta'kidlashmoqda. Bu qurol - axborotdir. Bunday qurol yordamida insonning ongi va qalbi nishonga olinadi. Bu qurol yordamida ongga berilgan zarbalar kishini adashtiradi, uni o‘z manfaatlariga zid harakat qilishga undaydi. Shu tariqa nafaqat millat turmush tarzi, balki uning yaxshilik va yomonlik, oq va qora, savob va gunoh, rost va yolg‘on xaqidagi tasavvurlari ham o‘zgaradi. Axborot jarayonlarining hozirgi nizolarning borishiga ta'sirini o‘rganayotgan tadqiqotchilarning fikricha, hamma narsa OAVlarini nazorat qilib turuvchi oz sonli kishilar tomonidan hal etiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbeklarning “og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham boyning o‘g‘li gapirsin” maqolini hozirgi zamon isbotlab turibdi. Shu tariqa oq narsa qora deyilmoqda, xoinlardan qahramonlar yaratilmoqda. Rus yozuvchisi A.P.Chexovning “Oltinchi Palata” povesti yodingizdami? Bosh shifokor mansabini egallash maqsadida bosh shifokor o‘rinbosarining xatti-xarakatlari axborot xurujini eslatmaydimi? Soppa-sog‘ odamni jinniga chiqarib, o‘zining qabix maqsadlariga erishgan bosh shifokor o‘rinbosarining ishini hozir g‘arb OAV xodimlari bajarayotgandek. Jahon yagona axborot maydoniga aylanib bo‘ldi. Jurnalistlarning bir avlodi ko‘z o‘ngida axborotlarni uzatish texnologiyasi butunlay, shu bilan birga tubdan o‘zgarib ketdi.

Tahlilchilarning fikricha, matbuot faqat axborot tarqatuvchi vosita bo‘lmay, u yoki bu davlatlar, ma'lum guruhlar, o‘z manfaatlarini turli yo‘llar bilan himoya qiladigan, o‘z qarashlari, turmush tarzini o‘zgalarga singdirishga urinayotgan doiralar qo‘lidagi eng ishonchli qurolga aylanib qoldi. Hamkasblarimizdan biri yozganidek, 21 asr mafkura quroliga aylandi. Aslida axborot ezgulikka, bunyodkor g‘oyalarga xizmat qilishi kerak. Ammo jahon matbuotini, ayniqsa Internet saytlarini kuzatib, xorij televideniyesi ko‘rsatuvlarini ko‘rar ekansiz, buning aksi bo‘layotganiga ishonasiz. Avvallari teleko‘rsatuvni 3-4 kishi, radiolavhani bir necha kishi tayyorlardi. Bu ancha vaqtni talab qilardi. Endi esa Internet, ijtimoiy tarmoqlar taraqqiy etgani bois qo‘lida mobil telefoni bo‘lgan odam axborot tarqatuvchiga aylandi, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Qiziqchilarimiz ko‘rsatgan bir tomoshada qayd qilinganidek, avvallari mashina urib ketgan kishiga odamlar yordam berishga shoshilgan bo‘lsa, endilikda mana shu xodisani suratga olib, tezroq o‘z tanishlariga uzatish urfga aylanib qoldi.
Jamoatchilik fikrini chalg‘itish aynan ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirilmoqda. U yoki bu mamlakatni yomonotlig‘ qilish, o‘zi tanlagan taraqqiyot yo‘lidan qaytarishga bo‘lgan urinishlar zamirida tor manfaatlar yotibdi.

Buyuk bobokalonimiz  Ibn Sinoning quyidagi to‘rtligini eslab ko‘raylik:
O‘zni dono bilan uch-to‘rtta  nodon
Eshak tabiatin qilur namoyon.
Ular qatorida sen ham eshak bo‘l,
Bo‘lmasa kofir deb qilurlar e'lon.            

Shu o‘rinda yana bir hikoyatni yoddingizga solamiz.
Ota-bola safarga chiqibdi. Ota eshakka minib olgan. Bola piyoda. Bir ko‘chadan o‘tishayotganda odamlar kulishibdi: “tentaklarni qaranglar ota eshakda, bola piyoda” deya. O‘rin almashibdilar. Boshqa ko‘chada “qaranglar ota piyoda, bola eshakda” deya yana kulishibdi. Endi ota-bolaning har ikkisi  eshakka o‘tirishibdi. Boshqa bir ko‘chada “Qaranglar, bitta eshakka ikki kishi minib olibdi” deb yana kulishibdi. Mashhur shoirmiz bu hikoyatni yangicha talqin qilib, “oraga eshak tushib ota-bola ajrashib ketdi” deya she'r yozganlar. Shoirimiz  go‘yoki, eshakka urg‘u bergan. Ammo chuqur falsafa yotibdi. Aslida she'rda mish-mish tarqatuvchilar, voqeani noto‘g‘ri talqin qiluvchilar eshak sifatida ko‘riladi.       

Internetda adovat urug‘ini sochuvchilar ham topiladi. Ular internetdan, eng so‘nggi texnologiyalardan ustalik bilan foydalanmoqda, shu orqali o‘z g‘oyalarini tarqatishmoqda.     

O‘tgan yili Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti talabalari bilan uchrashuvda ishtirok etdim. Suhbat davomida global zamonning global matbuoti xaqida so‘z yuritildi. Talabalarni qiziqtirgan savollarga imkon qadar javob berishga xarakat qildim. Shunda talabalardan biri “o‘zbek jurnalistikasining g‘arb jurnalistikasi bilan farqi nimada?” degan savolni o‘rtaga tashladi. Shu o‘rinda o‘xshatish sifatida stakandagi suv bilan bog‘liq misolni keltirdim. G‘arb matbuotida “stakanning yarmi suv bilan to‘lmagan”, deyilsa, biz “stakanning yarmi suv bilan to‘lgan” deymiz. Bizda kelajakka ishonch (optimizm)ga katta ahamiyat berilsa, g‘arb jurnalistlari go‘yo-ki odamlarda tushkunlikni (pessimizmni) uyg‘otishga urinayotgandek tuyuladi.

Talabalar bilan uchrashuv tugagach ancha vaqt mana shu savol ustida bosh qotirdim. “Balki savolga yetarlicha javob bermagandirman”, degan fikrda yurdim. Yaqinda Internetda o‘qigan g‘arb matbuotiga bag‘ishlangan latifa bu savolga to‘liqroq javob bo‘lishi mumkin deya qo‘lga qalam oldim. Mana o‘sha latifa:      

 Parijga kelgan Rim papasini aeroportda kutib olgan jurnalistlar, undan  “Parijdagi fohishaxonalarga munosabatingiz qanday?” deya so‘rashadi. Shunda u “Nima, Parijda fohishaxonalar bormi?” deya savolga savol bilan javob beradi. Ertasi kuni gazetalarda “Rim papasi aeroportda “Parijda fohishaxonalar bormi?” deya so‘radi” sarlavhasi ostida maqola bosildi. Mana shu latifaning o‘ziyoq g‘arb matbuotida voqealar noto‘g‘ri talqin qilinishini, so‘zlar matndan sug‘urib olinishini anglatadi.
Shu o‘rinda yana bir latifa. AQSh ko‘chalarida sayr qilib yurgan bir qizga it xujum qilibdi. Voqeaga guvoh bo‘lgan bir yigit qizni himoya qilish maqsadida itni o‘ldiribdi. Ertasi kuni gazetalar “Amerikalik qahramon yigit qizni qutqarib qoldi” degan sarlavha ostida maqola e'lon qiladi. Yigit “men bu mamlakat fuqarosi emasman” deydi. Gazetalar “Xorijlik mard yigit vatandosh qizimizni qutqardi” deyishadi. Shunda yigit “kechirasizlar men arabistonlik musulmonman” deb aytadi. Endi gazetalar “Islomiy terrorchi begunoh kuchukni urib o‘ldirdi.....” deya urg‘uni qizning qutqarilishiga emas, itning o‘ldirilishiga berishadi.

Mana shu ikki latifaning o‘ziyoq jamoatchilik fikrini chalg‘itishga urinish Ommaviy Axborot vositalari qo‘li bilan amalga oshirilayotganini ko‘rsatmoqda. Latifalar o‘z yo‘liga. Endi voqelikka qaytaylik. So‘nggi o‘tgan yilning yozida Pokistonda kunlar isib ketdi, odamlar issiqdan vafot etishi bilan bog‘liq hodisalar uchradi. G‘arb matbuoti buni keng yoritar ekan, odamlarning o‘limiga Ramazon oyini ham qistirib o‘tishdi. Odamlarning issiqdan o‘layotganiga ramazon oyi ham aybdordek, go‘yo. Xuddi shu kabi hodisalar Yevropada ham bo‘ldi, ammo u yerda bu holat global iqlim o‘zgarishi sifatida talqin qilindi. Bu kabi g‘arazli axborotlarni tarqatish ortida tor manfaatlar yotgani aniq.
Odamlar ongini, dunyoqarashini yot g‘oyalar ta'siriga bo‘ysundirishga intilish xolatlari aynan matbuot orqali amalga oshirilayotgani tashvishlidir. Internetdagi ijtimoiy sahifalar ham nafratga qaratilgan da'vatlarga qarshi kurashishi lozim.

Odamlar dunyoqarashini u yoki bu g‘oyalar ta'siriga bo‘ysundirishda molparast, shuhratparast va amalparast kuchlar o‘z maqsadlariga erishish, dunyoni o‘z hohish irodalariga bo‘ysundirishda foydalanmoqda. Bugungi kunda xalqaro maydonda turli siyosiy kuchlar o‘zlarining milliy va strategik rejalariga erishish uchun, eramizdan avvalgi 6 asrda yashab o‘tgan faylasuf va xarbiy arbob Sun Tszi yozganidek, xoin va sotqinlardan foydalanishmoqda. U o‘z sarkardalariga, “eng qabih va razil odamlar bilan hamkorlikdan foydalaning”, deb maslahat bergan edi. Siyosiy kuchlarning uzoqni ko‘zlagan asl maqsadlarini o‘z vaqtida sezish va anglash katta ahamiyatga ega. E'lon qilinmagan axborot urushlarining zamirida yolg‘on axborot tarqatish, ijtimoiy ongini egallash, milliy va madaniy qadriyatlarni yo‘q qilish, turmush tarzimizga yot va begona qadriyatlarni singdirish maqsadi yotgani aniq. Bundan ogoh bo‘lishimiz kerak. Axborot xuruji yoshligimizdan boshlangan desak yanglishmagan bo‘lamiz. Masalan ertaklarda, darsliklarda ayiqni asalxo‘r hayvon sifatida ta'riflashardi. Endi bilsak bu yirtqich hayvon bo‘lib, xatto go‘shtxo‘r ekan. Xorij televideniye ko‘rsatuvlarini ko‘rayotganda, Internetni titkilayotganda shu kabi ilk tassavurlarga aldanib qolmasligimiz, farzandlarimizga ham shu narsalarni tushuntirishimiz kerak.
     

XX asr oxiri - XX1 asrga kelib esa dunyo butunlay o‘zgarib ketdi. Axborot-kommunikatsiya soxalarining taraqqiyoti, geosiyosiy vaziyatning keskin o‘zgarishi kim axborotga ega bo‘lsa o‘sha jamiyatni boshqarishini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu esa har qanday davlat va tuzumning oldida dolzarb muammoni keltirib chiqarmoqda. Ya'ni, har bir davlat axborot xavfsizligini ta'minlashi va informatsion xurujlarga qarshi tura olishi kerak. Shu kabi muhim vazifalarni bajargan davlatgina o‘z milliy manfaatlarini ximoya qilgan bo‘ladi.
Axborot xavfsizligi har bir davlat milliy xavfsizligining tarkibiy qismidir. U davlat va jamiyatning barcha sohalaridagi milliy manffatlarni ximoya kilishga qaratilgan bo‘lishi kerak. “Har qanday davlatning ommaviy axborot vositasi chet el ta'siri ostida qolar ekan, jamiyat o‘z tarixiy ideallari, qadriyatlarini buzishga yo‘naltirilgan axborotlar og‘ushida qoladi”, deb yozgan edi amerikalik olim Lens Bennet. Hozirgi kunda jahondagi turli “kuch markazlarining” geosiyosiy qarama - qarshiligi “axborot makoni”ga ko‘chdi, degan gaplarda jon bor. Ya'ni oddiy so‘z bilan aytganda axborot kimning qo‘lida bo‘lsa o‘sha xaq bo‘lib chiqmoqda.

Shu o‘rinda “bir jinslilar nikohi bilan bog‘liq axborotlarni tarqatishdan maqsad nima?” degan savolni o‘zimizga berib ko‘raylik. Qabixlik qachondan beri qadriyat, inson huquqlari sifatida talqin qilinadigan bo‘lib qoldi? Bunday axborot oqimlari omma tafakkurga jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Ma'naviyatsizlikni targ‘ib qilish sharmandalik emasmi? Endi ular odamlar ko‘z o‘ngida tabiat qonunlarini ham, jamiyat qonunlarini ham poymol qilishgacha borishdi. Nima uchun ular insoniy qadriyatlarni emas, biz ularning sharmandaliklarini hurmat qilishimiz kerak?! Tabiat qonuni erkak va ayol juftligini, jamiyat qonuni erkak va ayol nikoxini ko‘zda tutadi. Ammo erkakning erkak bilan, ayolning ayol bilan nikoxdan rasman o‘tishini qonuniylashtirishni nima bilan oqlab bo‘ladi. G‘arbning “erkin matbuoti” mana shu axloqsizlikni targ‘ib qilish bilan ovora. Lut qavmi bilan bog‘liq voqeani esga olishimiz va bu kabi illatning oqibati nima bilan yakunlanganini aslo unutmasligimiz kerak.
     

Aytishlaricha finlarda “deraza oynasini jurnalistlar sindiradi, uni xukumat qayta o‘rnatadi” degan gap bor ekan. Istardikki, hamkasblarimiz mana shu oynani – to‘g‘rirog‘i insonlarning ko‘ngil oynasini sindirmasinlar. Ko‘ngil oynasini qayta tuzatish hech kimning qo‘lidan kelmaydi.      Tahlilchilarning fikricha, jurnalistika jahondagi eng xavfli kasblardan biriga aylanib qoldi. Statistika ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda bir xaftada ikki jurnalist o‘ldirilmoqda. 2015 yilda turli sabablarga ko‘ra ommaviy axborot vositalarining 135 nafar vakili o‘z xizmat vazifasini bajarib turgan bir vaqtda  xalok bo‘ldi. 2016 yilning boshidan beri esa 40 nafar jurnalist o‘ldirildi. Jurnalistlar uchun eng xavfli mintaqalar sifatida Osiyo, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari ko‘riladi. Xizmat vazifasini bajarayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘limidan tashqari ularning jaroxat olishi, o‘g‘irlanishi va hibsga olinishi bilan bog‘liq hodisalarni ham inkor etib bo‘lmaydi. Bu kabi hodisalar Afg‘oniston, Somali, Kongo, va  Meksikada tez –tez uchrab turadi.  YuNeSKO ma'lumotlariga ko‘ra, jurnalistika xavfliligi bo‘yicha yaqin-yaqingacha uchinchi o‘rinda turar edi, keyinchalik ikkinchi o‘ringa chiqdi. Endilikda birinchi o‘rinni egallab turibdi. Chunki jahonda mojarolar ko‘paymoqda. Jurnalistlar bu mojarolarning oldingi safida bo‘lib, ularni keng yoritishni kasb taqozosi sifatida ko‘rishadi.

Sharofidin To‘laganov
 

Ko‘proq yangiliklar: