Qozog‘iston prezidenti Ukrainadan o‘rnak olmaslikni maslahat berdi

Jahon 19:31 / 02.05.2016 43836

Nazarboyevning fikricha, Ukrainaning boshiga kelayotgan muammolarning asl sababi birlikning yo‘qligida. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, 1 may Qozog‘iston xalqlari birligi kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tantanalarida ma'ruza qilar ekan, birlik bo‘lmagan mamlakat bilan nimalar sodir bo‘lishi borasida Ukrainani misol keltirdi, deb xabar qilmoqda Reuters agentligi.

Nazarboyev xalqini milliy birlikka undar ekan, Ukraina voqealarini xotirlab o‘tgan. 2013-2014 yillarda amalga oshirilgan Yevromaydon deb nomlangan jamoatchilik mitinglari, mamlakatning o‘sha vaqtdagi prezidenti Viktor Yanukovichni hokimiyatdan chetlatilishiga olib kelgan edi.

"Ukraina – kattaligi jihatidan sobiq ittifoqning ikkinchi yirik mamlakati bo‘lishiga qaramay, bugungi kunda Qozog‘iston iqtisodining yarmiga teng iqtisodiyotga ega. Chunki, birlik yo‘q, maqsad yo‘q, bironta masala yoki muammo hal etilmayapti, odamlar esa boshqa "muammolar" bilan band: urush, mojaro va qotilliklar", – deb bayonot bergan Qozog‘iston davlat rahbari.

Nazarboyev mamlakatda ikki haftadan beri norozilik kayfiyatlari kuzatilayotgan bir vaqtda fuqarolarni birlikka chaqirgan. Mamlakat fuqarolari xorijiy fuqarolarga ham qishloq xo‘jaligi yerlarini xususiy mulk sifatida sotib olish huquqini beruvchi yer islohotlariga noroziliklarini bildirishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: