50 yil ichida birinchi marta AQShdan Kubaga kruiz layneri yo‘l oladi 

Jahon 10:35 / 02.05.2016 48506

50 yil ichida birinchi marta AQShdan Kubaga kruiz layneri yo‘l oladi, deb xabar bermoqda Channel News Asia. Carnival korporatsiyasiga tegishli, Floridada joylashgan Fathom line operatorining Adonia kemasi Mayami sohili yaqinida langarda turibdi va 2 may mahalliy vaqt bilan soat 15:30 da (Toshkent vaqti bilan 3 may 00:30da) 700 nafar yo‘lovchi bilan Kubaga yo‘l oladi.

Bu kruiz Carnival tomonidan ikki davlat o‘rtasida madaniy almashuvlarga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida uyushtiriladigan sayohatlar seriyasining birinchisi bo‘ladi. Taxminlarcha, reyslar bir oyda ikki marta amalga oshiriladi. Kemaga chipta narxi kishi boshiga 1800 dollardan 7 ming dollargachani tashkil qiladi.

Adonia’ning reysi davomida Kubaning Gavana, Senfuegosa va Santyago-de-Kuba portlarida madaniy tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Bu tadbirlar orasida rassomlar, musiqachilar, biznes vakillari bilan uchrashuvlar, raqs sinflari va ekskursiyalar bor.

Ikki hafta oldin Kuba hukumati AQShdagi kubaliklar uchun dengiz aloqasiga cheklovlarni bekor qildi. AQShda esa madaniyat, fan, sport va din bilan bog‘liq sayohatlardan tashqari, Kubaga boshqa muntazam sayohatlar uyushtirish hamon taqiqlov ostida qolmoqda. AQShdan Kubaga muntazam reyslarni yil oxiridan boshlash kutilmoqda. 

Bundan avvalroq AQSh va Kuba bir necha o‘nlab yillardan keyin AQSh rahbariyati tashabbusi bilan diplomatik munosabatlarni qayta boshlashdi. Mart oyida Barak Obama AQSh prezidentlari orasida oxirgi 90 yil ichida Kubaga tashrif buyurgan birinchi prezident bo‘ldi.  

Obama fevralda Kubaga sayyohlik tashriflariga cheklovlarni yumshatgandan keyin, amerikalik sayohatchilar orolga ko‘plab kela boshladilar.

1959 yilda Kubada yuz bergan inqilobdan keyin AQSh hukumati Kubaga nisbatan savdo embargosi kiritgan, 1961 yildan esa diplomatik aloqalarni uzgandi.

Ko‘proq yangiliklar: