Tramp Kaliforniyada unga qarshi norozilik namoyishlarini jinoyatchilar uyushtirganini ta'kidlamoqda

Jahon 10:10 / 01.05.2016 68638

AQSh prezidenti lavozimiga nomzod, milliarder Donald Tramp oxirgi kunlarda unga qarshi Kaliforniyada bo‘lib o‘tgan namoyishlarni jinoyatchilar uyushtirganiga ishonchi komilligini aytmoqda. Tramp bu haqda o‘zining tvitterida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.   

"Kaliforniyadagi namoyishchilar kallakesarlar va jinoyatchilar edi. Ulardan ko‘pi professional jinoyatchilar. Huquq-tartibot muassasalari ular bilan qattiqqo‘l bo‘lishlari kerak", deb aytdi Tramp.   

26-27 aprel kunlari Kaliforniya shtatining turli shaharlarida yuzlab namoyishchilar Trampning siyosatiga qarshi chiqdilar. Trampning chiqishidan keyin Kosta-Mesa shahrida tartibsizliklar boshlangan, 20 ga yaqin odam ushlangan. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, norozilar Trampning migratsiya siyosatiga qarshi chiqqanlar. Ulardan ba'zilarida Meksika bayroqlari bo‘lgan. 

Tadbirkor o‘zining nutqlarida agar prezident bo‘lsa, AQSh va Meksika o‘rtasida devor qurishga va'da berib keladi.

Trampning aytishicha, ushbu devorning qurilishiga Meksika haq to‘laydi, aks holda meksikalik mehnat muhojirlarining Meksikaga pul o‘tkazmalari to‘sib qo‘yiladi.

Kaliforniya saylovoldi poygasida muhim ahamiyatga ega. Bu shtatda 7 iyunda birlamchi saylovlar bo‘lib o‘tadi, uning natijalariga ko‘ra Klivlendda respublikachilar qurultoyida 172 delegat kimning nomzodini qo‘llab-quvvatlashi ayon bo‘ladi. Bu siyosiy forumda Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidenti saylovida kim ishtirok etishi hal qilinadi. Hech qaysi bir shtat nomzodga Kaliforniyadan ko‘ra ko‘proq delegatlar ovozini bera olmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: