Yamanda Adan gubernatori navbatdagi suiqasddan omon qoldi

Jahon 17:09 / 01.05.2016 7889

Yaman janubida Adan shahri gubernatoriga navbatdagi suiqasd uyushtirildi. Bu haqda Sky News Arabia telekanali ma'lumotiga tayanib, RIA «Novosti» xabar tarqatdi.

Suiqasddan omon qolgan gubernator Idris az-Zubeydiyning o‘zi aytib berishicha, u o‘tirgan avtomobil ketayotgan kortejga portlovchi qurilma o‘rnatilgan avtomobil kelib urilgan. Natijada gubernatorning 3 nafar qo‘riqchisi halok bo‘lgan.

Kortejdagi avtomobillarning birida gubernator va Adan politsiyasi boshlig‘i Shalal Ali Shayx ham bor edi.

Gubernator bu suiqasd uchun javobgarlikni "Arabiston yarimorolidagi Al-Qoida" guruhi zimmasiga yuklagan. Bu guruh bundan avval ham yamanlik bir qator amaldorlarning hayotiga tajovuz qilgandi.

Adan shahri 2015 yilning iyulida sobiq prezident Ali Abdulla Salohning tarafdorlari hamda isyonchi husiylar qo‘lidan qaytarib olingandi. Ayni vaqtda bu shahar Yamanning vaqtinchalik poytaxti hisoblanadi. Mamlakat g‘arbida joylashgan asosiy poytaxt Sano esa isyonchilar qo‘lida qolmoqda.

Yamanda qariyb 2 yildan buyon bir tomonda sobiq prezident tarafdorlari, husiylar, shialarning "Ansor Alloh" harakati turgan, ikkinchi tomonda qonuniy prezident Abd Rabboning tarafdorlari hamda uni himoya qilib kelayotgan Arab koalitsiyasi turgan ziddiyat davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: