Nukusda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” do‘stlik va madaniyat festivali bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 22:02 / 29.04.2016 14946

O‘zbekiston Respublikasi Baynalmilal madaniyat markazi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda milliy madaniyat markazlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Respublika Baynalmilal madaniyat markazi direktori N.Muhammadiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining ma'naviyat va ma'rifat boshqarmasi boshlig‘i M.Komilov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 50 dan ortiq millat va elat vakillari o‘zaro ahil-inoq va totuv yashab, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etmoqda.

– Mamlakatimizda barcha millatlarning o‘z tili, madaniyati va urf-odatlarini rivojlantirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti 4-kurs talabasi Anastasiya Botova. – Biz yoshlar, qaysi millat vakili bo‘lishimizdan qat'i nazar, o‘z ona tilimizda bilim olib, kasb egallamoqdamiz.

Tadbir doirasida “Milliy va diniy bag‘rikenglik – barqarorlik omili”, “Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda“ mavzularida davra suhbati o‘tkazildi. “Sog‘lom avlod tarbiyasida millatlararo totuvlikning o‘rni” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar hamda “Biz sening farzandlaringmiz, O‘zbekiston!”, “Sog‘lom ona, sog‘lom bola – millat baxti” nomli ko‘rgazma tashkil etildi. Unda turli millatlar madaniyati va san'ati namunalari, hunarmandlik mahsulotlari, milliy liboslari namoyish etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat olib borayotgan turkman, qozoq, rus, ukrain, koreys milliy madaniyat markazlari qoshidagi badiiy havaskorlik jamoalarining mustaqillik, tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari yangradi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi B.Yangiboyev so‘zga chiqdi.

A. Ortiqboyev, O‘zA muxbiri

Suratlar : Maqsad Habibullayev.

Ko‘proq yangiliklar: